Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor ayol Zuhra Muqimova metan zapravka qurish uchun ko‘plab muammolarga duch kelganini aytib, uni qiynayotgan muammo tuman hokimi bilan yechim topmagach, viloyat hokimi qabuliga borganini, ammo Zoir Mirzayev qabuliga kirolmayotganini aytmoqda.

Zuhra Muqimova.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri muammoni o‘rganish uchun Yakkabog‘ tumanida bo‘ldi.

“2010-yil metan zapravka qurish harakatiga tushgandim. 2018-yil bankdan 5 milliard so‘m kredit olib, o‘zimning mablag‘larimni qo‘shib salkam 10 milliard so‘mga zapravka qurdim. 2020-yil oktabr oyi yakunida zapravkam bitdi. Hammasi tayyor. Biroq gaz berilmayapti. Shu sabab faoliyat ko‘rsatolmayapmiz”, — deydi Yakkabog‘ tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor Zuhra Muqimova.

Foto: “Daryo”

Tadbirkor ayolning ma’lum qilishicha, u muammoga yechim topish maqsadida dastlab tuman hokimi Lutfiddin Abdullayevning qabulida bo‘lgan.

“Tuman hokimi Lutfiddin Abdullayev qabulida bo‘lib, yordam so‘radim. Hokim dastlab yordam berishini aytdi. Va ishchilaridan birining nomerini berib, shu inson bilan bog‘lanasiz va sizning muammongizni hal qilamiz dedi. Yakkabog‘ga ham tushungan hokim ishga kelibdi deb, xursand bo‘ldim. Ammo keyin yordam berolmasligini aytdi”, — deydi tadbirkor ayol.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Yakkabog‘ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev tadbirkor ayol murojaat qilganini tasdiqlab, tuman hokimligi tomonidan qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bajarilganini ma’lum qildi.

“Tuman hokimi sifatida tadbirkor bilan bir necha marotaba suhbatlashganman. Metan zapravka uchun yer berilgan. Shuningdek, kompressor uchun yana yer ajratib berdik. Xullas, tumanda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yakuniga yetkazilgan. Qolaversa, hokim sifatida viloyat tashkilotlari bilan ham gaplashib, tadbirkorga yordam beryapmiz”, — dedi tuman hokimi.

Foto: “Daryo”

Lutfiddin Abdullayevning ma’lumot berishicha, tadbirkor ayol aynan gaz berilmayotgani haqida hokimga murojaat qilmagan.

“Tadbirkor zapravkasi uchun aynan gaz muammo bo‘layotganini menga aytmagandi”, — deydi hokim.

Zuhra Muqimovaning aytishicha, u viloyat hokimi Zoir Mirzayevning tadbirkorlar muammosini hal etayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlari orqali xabar topgach, viloyat hokimi qabuliga borgan.

Foto: “Daryo”

“Viloyat hokimi ko‘plab tadbirkorlarning muammosini hal etyapti. Buni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boryapman. Ammo menga o‘xshagan tadbirkorlar hokim qabuliga kirolmayapmiz. Sababi hokim atrofidagi xodimlar bunga yo‘l qo‘ymaydi. Ular o‘zlariga tegishli odamlarni hokim qabuliga kiritmoqda. Viloyat hokimi uning oldiga kirgan tadbirkorlar hokimiyat xodimlarining odamlari ekanligini bilmaydi-ku. Hokim qabuliga kirgan tadbirkorlar muammosi esa hal etilyapti”, — deydi murojaatchi tadbirkor.

Tadbirkorning aniqlik kiritishicha, u viloyat hokimligida To‘ra va Jamshid Rahmonqulov ismli mas’ullarga uchrashgan.

“Viloyat hokimiga kiritamiz deb chaqirishdi. Borsam, har xil bahonalarni aytib, kiritishmadi. Aytishlaricha, viloyat hokimiga kirish bosqichma-bosqich amalga oshirilar ekan. Avval o‘rinbosarlarga kirishim kerak ekan. Bilmadim, hokimga kirish uchun nechta o‘rinbosardan o‘tishim kerak?”, — deydi tadbirkor.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari kotibiyati mudiri Jamshid Rahmonqulov tadbirkor unga ham viloyat rahbariga kirmoqchiligini aytganini tasdiqladi.

“To‘g‘ri, tadbirkor menga ham viloyat hokimi qabuliga kirmoqchiligini aytgandi. Ammo men uni viloyat hokimiga olib kirish mening vakolatimga kirmasligini, hokim qabuliga kirmoqchi bo‘lsa, bemalol kirishi mumkinligini aytdim. Mas’ul sifatida esa o‘z ishimni bajarib, tadbirkorga yordam berish harakatidaman”, — deydi Jamshid Rahmonqulov.

Ishi bitmay, sarson-sargardonlikdan qiynalayotgan tadbirkor ayol Qashqadaryoda tadbirkorlik uchun imkoniyat yo‘qligini aytib, endi tadbirkorlik qilmasligini, tadbirkorlik qilish niyatida bo‘lgan insonlarga ham bunday maslahat bermasligini aytmoqda.

Foto: “Daryo”

“Aynan Qashqadaryoda tadbirkorlik qilib bo‘lmaydi, endi tadbirkorlik qilmoqchimasman. Bankdan olgan kreditim ko‘payib bormoqda. Kreditimni yopish uchun esa zapravkam ishga tushishi kerak. Lekin ishlolmayapmiz. Muammoni viloyat rahbariga bildirmoqchi edim. Ammo kirolmayapman. Shuning uchun bundan keyin tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lganlarga, tadbirkorlik qilishni maslahat bermayman”, — deydi tadbirkor ayol.

Hokimlik mas’ulining aytishicha, tadbirkor qurgan zapravkaga gaz berilishi uchun alohida gaz taqsimlovchi stansiya qurish lozim bo‘ladi. Buni esa tadbirkorning o‘zi qurishi kerak.

Foto: “Daryo”

“Bilishimcha, muammo mana shunda, — deydi Jamshid Rahmonqulov. — Tadbirkor zapravka uchun gaz taqsimlovchi stansiya qurmagan. Mas’ul tashkilotlar buni o‘z zimmasiga ololmaydi. Tadbirkor esa mas’ullarga shuni qurib berishni iltimos qilyapti”, — deydi viloyat hokimligi vakili.

Avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalariga gaz berilishini nazorat qiluvchi Toshkent magistral gaz quvurlari boshqarmasi mas’ul xodimi Ulug‘bek Safarov tadbirkor muammosini hal etish uchun 2020-yil 30-noyabr kuni maxsus ishchi guruh tumanga borishini aytib, unga qadar tayinli ma’lumot berolmasligini bildirdi.

Foto: “Daryo”

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 12—13-noyabr kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida viloyat hokimi boshchiligidagi tuman va shahar rahbarlari bilan muloqotda viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha hokimlar har kuni tadbirkorni qiynayotgan muammoni hal etish bilan shug‘ullanishi lozimligini aytib, 2021-yil viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish yili bo‘lishi lozimligini bildirgandi.

“Daryo” tadbirkor muammosi qay tarzda hal qilinishini kuzatishda davom etadi.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev