Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi sovuq qurol olib yurish uchun javobgarlik belgilangan kundan boshlab rasmiylashtirilgan bayonnomalar soni bo‘yicha ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 5-noyabr kuni “Jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga 185-2 va 185-3-moddalari kiritildi. Mazkur moddalar bilan sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan buyumlarni olib yurish va ularning O‘zbekiston hududidagi savdosi uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Jamoat joylarida sovuq qurol olib yurish uchun javobgarlik joriy qilish to‘g‘risidagi qonun imzolangan kundan boshlab Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan 122 ta pichoq olib yurish bilan bog‘liq fakt qayd etilgan, shulardan 63 tasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda sakkiz oyda o‘tkir tig‘li predmetlardan foydalangan holda 542 ta jinoyat sodir etilgan, shundan 168 tasi qotillik
Sud organlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda aybdor deb topilgan 59 nafar fuqaroga nisbatan jarima belgilangan, to‘rt nafar fuqarolar ma’muriy qamoqqa olingan.
Avvalroq Toshkentda avtosaroylardan birida chiptachi avtobus haydovchisiga pichoq tiqib olgani, Namanganda 16 yoshli bola sevgan qiziga SMS yuborgani uchun o‘zidan bir yosh katta bolani pichoqlab o‘ldirib qo‘ygani hamda Asakada 25 yoshli yigit tengdoshini pichoqlagani haqida xabar qilingandi.
Izoh (0)