Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida noma’lum shaxslar 17 yoshli fuqarodan 300 AQSh dollarini so‘mga alishtirib berishini aytib, pulni bir qismini berib qolgan qismini bermay qochib ketdi, deya xabar bermoqda Tergov departamenti.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 19-noyabr kuni soat 11:30 da, noma’lum shaxslar Qo‘qon shahar Furqat ko‘chasida fuqaro 17 yoshli Jaloliddin Sh.ga 300 AQSh dollari miqdoridagi pullarini so‘mga almashtirib berishini aytgan. Ular Jaloliddinga 150 ming so‘m pullarni berib, undan 300 AQSh dollarini olgan. Qolgan pullarni avtomashinadan olib berishini aytib, qora rangli Spark avtomashinaga chiqib qochib ketgan.

Foto: Tergov departamenti

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni fuqaro 22 yoshli Shavkatjon M. va tergovga qadar tekshiruv jarayonida shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan Islom va Elyor ismli shaxslar bilan oldindan til biriktirib sodir etganliklari aniqlangan.

Holat yuzasidan fuqaro Shavkatjon M. hamda boshqa noma’lum shaxslarga nisbatan Qo‘qon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida, Shavkatjon M. gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Shavkatjon M.ning jinoiy sheriklarini shaxsini aniqlash maqsadida, tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Olmaliqda “damaschi”lardan kunlik o‘lpon talab qilgan ikki ayol, Toshkentda ayolning yarim yalang‘och holda raqsga tushgani aks etgan videoni internetda tarqatmaslik uchun 50 ming dollar talab qilgan erkak hamda Toshkentda Polshadan avtomobil shinalari olib kelishni va’da qilib, fuqaroni 40 ming dollarga “uxlatgan” shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.