Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida 18-yo‘nalish bo‘ylab litsenziya asosida yo‘lovchi tashimoqchi bo‘lgan Damas haydovchilardan kuniga 90 mingdan 110 ming so‘mgacha pul talab qilgan ikki ayol qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Transportda XTBB matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: IIV Transportda XTBB matbuot xizmati

Ma’lumotlarga ko‘ra, 9-noyabr kuni Zangiota tumanida yashovchi S.N. hamda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi E.Sh. DXXga ariza bilan murojaat qilgan. Murojaatda ular o‘zlariga tegishli Damas avtomobillarida Olmaliq  shahri bo‘ylab qatnovchi 18-yo‘nalishda yo‘lovchi tashish uchun litsenziya olib ish boshlamoqchi bo‘lganlarida, shaharning “Oydin” bekatida bir necha shaxs ularga ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borishlari uchun kuniga 90 ming so‘mdan 110 minggacha (ulush) pul berib turishlari lozimligini aytganini bildirgan. Bunga ko‘nmagan haydovchilarning mashinalariga shikast yetkazish orqali tahdid qilingan.

Ariza yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Yu.B., T.N., N.S., I.U. hamda A.A. oldindan til biriktirib, Olmaliq shahri hududida qatnovchi 18-yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga bosim o‘tkazib, kuniga 90 ming so‘mdan 110 ming so‘mgacha pul talab qilayotganlari aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ular talablariga bo‘ysunmaganlarga avtoulovlariga shikast yetkazishlari, YHXB va Transport boshqarmasi xodimlarini jalb qilib, reydlar tashkillashtirib, ularga faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘ymasliklarini aytib qo‘rqitgan.

DXX, Respublika transport prokuraturasi, Toshkent transport prokuraturasi hamda IIV Transportda XTBB xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida “Oydin” bekatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ariza muallifi S.N. hamda E.Sh.dan Ohangaron shahrida yashovchi 62 yoshli va 27 yoshli ayol bir kunlik 120 ming va 90 ming so‘m miqdordagi pullarni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olingan.

Ushbu holat yuzasidan shu yil 10-noyabr kuni Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qism “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.