Jizzax viloyatida 18–19-noyabr kunlari yog‘gan qor sabab yo‘lning sirpanchiq holatga kelganligi sababli ikki yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda YHXBB.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yil 20-noyabr kuni soat 7:30 larda Sharof Rashidov tumanidan o‘tgan Qo‘qon–Jizzax avtomobil yo‘lining 286-kilometrida Damas haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib qarama-qarshi tomonidan harakatlanib kelayotgan “KamAZ” yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Kadr: YHXBB

Oqibatda 1966-yilda tug‘ilgan Damas haydovchisi vafot etgan. Haydovchining boshqaruvni yo‘qotishiga 18–19-noyabr kuni yog‘gan qor natijasida yuzaga kelgan yo‘lning sirpanchiq holati sabab bo‘lgan.

Shunga o‘xshash holat Zomin tumanida ham sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, 2020-yilning 18-noyabr soat 16:30 larda Zomin tumanidan o‘tuvchi 4K-241 Zarbdor–Achchiq–Qoramozor avtomobil yo‘lining 9-kilometrida 1993-yilda tug‘ilgan haydovchi Bahodir To‘g‘onov boshqaruvidagi Nexia qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan 2002-yilda tug‘ilgan Pardaboyev Sardor boshqaruvida bo‘lgan Nexia-2 avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

Kadr: YHXBB

Oqibatda Sardor Pardaboyev boshqaruvidagi Nexia-2 mashinasida yo‘lovchi sifatida kelayotgan haydovchining 1968-yilda tug‘ilgan otasi tan jarohati olib shifoxonada vafot etgan. Nexia haydovchisi Bahodir To‘g‘onov esa tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Ushbu YTHga ham qor yog‘ishi oqibatida yo‘lning harakat qismida sirpanchiq hosil bo‘lgani sabab bo‘lgani aniqlangan.

Avvalroq Andijonda tezlikni oshirgan Spark haydovchisi ona-bola piyodaning o‘limiga sababchi bo‘lgani, Popda Lacetti’ning Damas’ga urilishi oqibatida bir kishi vafot etgani hamda Buxoroda Lacetti yo‘lni kesib o‘tayotgan ota-bolani urib ketgani haqida xabar berilgandi.