Rossiyaning Vladivostok shahrida to‘qqiz qavatli uyning tomidan beton plita to‘xtab turgan Nissan X-Trail mashinasi ustiga qulab tushdi. Uning egasi mashinaga yaqin bo‘lgan, ammo jarohat olmagan. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Hodisa 19-noyabr kuni ertalab sodir bo‘ldi va uydagi kuzatuv kamerasidan olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Videoda erkak qanday qilib mashinani qordan tozalayotgani, keyin yuqoriga qarab qochib ketgani aks etgan. Bir soniyadan so‘ng mashina ustiga beton plita tushgan.

Mashinaning egasi, Aleksandr ismli mahalliy fuqaro “360” telekanaliga “yuqoridan shitirlash”ni eshitgani uchun qochishga muvaffaq bo‘lganini aytgan. Shuningdek, u mashinani atigi ikki hafta oldin sotib olganini ta’kidlagan. “Hali mashinani rasmiylashtirishga ulgurmagandim. Mashina qimmat, uning uchun 600 ming rubl bergandim. Men uning uchun pul yig‘gandim. Men uni tartibga keltirdim, bamperni o‘zgartirdim. Men yuragimni va qalbimni mashinaga tikkandim”, — dedi erkak. “Vostok-Media”ning yozishicha, erkak sudga yetkazilgan zararni qoplash talabi bilan murojaat qilmoqchi.

Haydovchining aytishicha, voqeadan keyin internet foydalanuvchilari unga yangi mashina uchun oz miqdordagi pullarni o‘tkazishni boshlagan va bir necha soat ichida bir necha ming rubl yig‘ilib qolgan. Erkak video yozib, unda barchani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirgan. “Bo‘lgan ish bo‘ldi, men tushkun emas, quvnoqman”, — dedi u.

Primorsk o‘lkasi prokuraturasi ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv boshladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ventilyatsiya shaxtasining peshtoqi avtomobil ustiga tushgan; idora plitaning qulab tushishiga muzlagan simlar uni tortib qolgani sabab bo‘lganini ta’kidlagan.