Navoiy viloyati Xatirchi tumanida Nexia avtomashinasi yo‘ldan o‘tayotgan velosiped haydovchisini urib yuborgan, deya xabar bermoqda YHXBB.
Qayd etilishicha, 2020-yil 16-noyabr soat 19:30 larda Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Mustaqillik” MFY hududidan o‘tgan 4R-48 davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘lining 128-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan.
Nexia rusumli avtomashinani Yangirabot–Zarafshon yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib kelayotgan 26 yoshli haydovchi o‘zining harakat yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning chap tomonidan o‘ng tomoniga velosipedda kesib o‘tayotgan 47 yoshli fuqaroni urib yubordi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa yo‘lning yoritilmagan qismida sodir etilgan. Shu bilan birga, velosiped haydovchisi spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lib, yo‘lning belgilanmagan qismini kesib o‘tgan.
Hodisa oqibatida velosiped haydovchisi vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan Xatirchi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Navoiyda “Maxsustrans” yuk mashinasi velosipedda ko‘chani kesib o‘tayotgan 14 yoshli qizni urib ketgani, Farg‘ona viloyatida velosipedchilar ishtirokidagi YTHlar ko‘paygani tufayli velosipedlar ham jarima maydoniga joylashtirilayotgani hamda Navoiyda sodir bo‘lgan YTHda 62 yoshli velosiped haydovchisi vafot etgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)