Tori va viglar o‘rtasidagi azaliy kurash. Buyuk Britaniyadagi ikki partiyali tizim qanday shakllangan edi?
“Daryo” Buyuk Britaniya tarixining XVII–XVIII-asrlardagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayotidan tortib monarxlarning irodasini o‘zgartirishgacha bo‘lgan voqealarda viglar va torilar partiyasining ta’siri haqida hikoya qiladi.
Viglar partiyasi
Viglar XVII–XVIII-asrlarda ingliz siyosiy hayotida muhim ro‘l o‘ynagan partiyalardan biri sifatida yuzaga keldi. Viglar partiyasi 1660–1670-yillarning oxirida tashkil qilindi. Ayrim manbalarda viglar partiyasining tashkil qilinishi sifatida 1678-yil belgilandi. Viglar partiyasi qirol Karl Styuart II mutlaq monarxiyasiga qarshi kurashuvchi kuch sifatida tashkil topdi. “Vig” so‘zining kelib chiqishi shotlandchadagi “whigamore” so‘ziga taqaladi va uning ma’nosi “qishloqlik, chorva haydovchi” sifatida talqin qilinadi.
Viglar Buyuk Britaniyadagi qirol hokimiyatiga qarshi muxolifat sifatida tashkil topdi, qirol hokimiyatining tashqi va ichki siyosatdagi siyosatini tanqid qilar, jumladan, qirol hokimiyatining korrupsiyaga yo‘l ochib berganini, saroyning dabdabali isrofgarchilikka olib keluvchi xarajatlarini, Fransiyadagi monarxiya bilan yaqin aloqalarini tanqid qilardi. Viglar partiyasi ham “saroy” partiyasi kabi ingliz oliy tabaqasi aslzodalaridan iborat edi. O‘z kurashlari va tanqidlari natijasida viglar partiyasi bir qator yutuqlarga erishib, qirol hokimiyatini tiyib qo‘yishga erishdi.
Viglar o‘z siyosiy platformasida qirol hokimiyatining cheklanishi, parlament rolining mamlakat hayotidagi rolini kuchayishini istar va mamlakatdagi dissidentlarni qo‘llab-quvvatlagan holda katoliklarga Buyuk Britaniyada teng huquqlar berilishiga qarshi chiqardi. Torilarning qo‘llab-quvvatlashi ortidan 1685-yilda Buyuk Britaniya taxtiga katolik dini mazhabiga mansub Iakov II Styuart keldi. Biroq yangi monarx mamlakatda katoliklar huquqlarini kengaytirish siyosatini yuritdi.
Bundan ham viglar, ham torilar g‘azabga mindi. Viglar va torilarning birgalikdagi harakati natijasida 1688-yilda shonli inqilob amalga oshirildi va Iakov II taxtdan ag‘darildi. Qirol Iakov II Fransiya monarxi Lyudovik XIV dan boshpana olishga muvaffaq bo‘ldi. Buyuk Britaniyada esa Mariya II Styuart va shahzoda Vilgelm III Oran yangi monarxlar sifatida kutib olindi. Viglarning kuchli ta’siri ostida Buyuk Britaniyada monarxlar hokimiyati cheklandi. Parlamentda lordlar palatasida viglarning o‘ziga xos xuntasi o‘rnatildi.
Viglar bu davrda tashqi siyosatda faol bo‘lish siyosatini yuritdi. Maqsad esa Buyuk Britaniyaning iqtisodiy manfaatlari yetakchi bo‘lishini ta’minlash edi. Shu maqsadda ular ingliz harbiylarining ispan merosi janglarida ham faol bo‘lishga harakat qildi. 1700–1713-yillarda Ispaniyadagi meros talashuv urushlarida viglar parlamentda ingliz qo‘shinlarining Ispaniyadagi harbiylarini moliyalashtirish tarafdori sifatida chiqdi. Urush harakatlari cho‘zilib ketgach, mamlakatdagi aholi viglarning Ispaniya merosi borasidagi janglarini tanqid qilib chiqa boshlaydi. Natijada, viglar qisqa muddatga hokimiyatdan ketishga majbur bo‘ldi.
1700-yillarga kelib Buyuk Britaniyada yana merosxo‘r masalasi asosiy muammoga aylandi. Qirolicha Anna farzandsiz bo‘lib, torilar taxtni qirolichaning quvg‘indagi akasi Uels shahzodasi Iakov II ni taxtni egallashini talab qilib chiqdi, ammo viglar shahzoda katolik dinidan chiqib, protestantlikni qabul qilsagina taxt vorisi bo‘lishini iddao qildi. Shahzoda esa o‘z dinini taxtga ayirboshlamoqchi emasdi. Natijada, viglar yana g‘alaba qozondi va hokimiyatni egalladi.
Angliyada taxt gannoverlar sulolasiga o‘tdi. Gannoverlar sulolasining dastlabki qirollari Georg I va Georg II ingliz tilini bilmasdi va hokimiyatni viglar tashkil qilishiga erkinlik berib qo‘ydi. XVIII asrning birinchi yarmida viglar sezilarli muvaffaqiyatga erishdi. Bosh vazir Robert Uolpol, keyinroq esa katta Uilyam Pit davrida Buyuk Britaniya tashqi siyosatda ham katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Avstriya taxti uchun kurashda inglizlar fransuzlarni mag‘lubiyatga uchratdi, “Yetti yillik” urush davrida Fransiyaning Yevropadagi ekspansiyasini to‘xtatib qoldi, fransuzlarni Hindiston va Shimoliy Amerikadan siqib chiqardi. Viglar davrida Buyuk Britaniya dunyoning eng katta sanoat mamlakatiga aylandi.
Torilar atamasi va ularning yuzaga kelishi
Torilar Buyuk Britaniyada 1678-yilda viglar bilan siyosiy hokimiyat uchun kurash olib borgan siyosiy harakat sifatida yuzaga keldi. O‘sha vaqtda torilar va viglar Angliya taxti kimning qo‘lida bo‘ladi, degan bahsli munozaralarni boshidan kechirayotgan edi. 1678–1685-yillarda Angliyada qirol Karl II ning katolik diniga mansubligi bois uning farzandlarini Angliya taxti merosxo‘rlari deb e’lon qilinishiga qarshi harakat boshlanib ketdi.Viglar Karl II ning farzandlarini merosxo‘rlikdan mahrum qilish istagida bo‘lsa, torilar aksincha fikrda edi. Tori atamasi haqida gapirilganda, bu so‘z orqali hozirda eskicha qadriyatlar va qarashlar tarafdori bo‘lgan shaxslar nazarda tutilardi. Ayni paytda Buyuk Britaniyadagi konservativ partiya ham torilar partiyasi deb yuritiladi.
Torilarga, avvalo, ularning qirol hokimiyatini mustahkamlashga, dastlabki davrlarda qirol hokimiyatini cheklashga qarshi qaratilgan siyosiy harakat sifatida qarash mumkin. XVII asrlarda torilar ham viglar singari biz tushungan partiya emas, aksincha ma’lum dunyoqarashlari o‘xshash bo‘lgan ingliz zodagonlarining birlashgan harakati edi.
Torilar kuchli monarxni ko‘rish istagi bilan birgalikda Angliya cherkovining maxsus maqomi borasida tashvishlanardi. Qirol Iakov II esa o‘z mamlakatida diniy bag‘rikenglikka asoslangan jamiyat barpo qilish haqida umid qilar va katoliklar ham, protestantlar ham diniy tenglikka erishish tarafdori edi. Ammo uning bu siyosati ortodoksal dunyoqarashga ega bo‘lgan ingliz zodagonlari orasida qo‘llab-quvvatlanmadi. Natijada, ayrim torilar ham viglarga qo‘shildi va Shonli inqilobning amalga oshishiga yo‘l qo‘ydi.
Torilar shunday bo‘lsa-da, mamlakatda ancha ta’sirli kuchga ega edi. Torilar, ayniqsa, qirolicha Anna davrida kuchli siyosiy ta’sirga ega bo‘ldi. Torilar bu paytda viglar bilan tez-tez siyosiy kurashga kirar va mamlakatda siyosiy saylovlar o‘tkazilardi. Qirol Vilgelm torilar ko‘proq monarx dunyoqarashi bilan mos fikrda ega ekanini bilgach, hukumatga torilarni ham, viglarni ham taklif qildi. Shu tariqa torilar va viglar Angliya hayotida turli milliy, ijtimoiy, iqtisodiy va tashqi siyosat borasida millatning siyosiy tafakkurini yuzaga keltirishda yordam berdi.
Ingliz ma’rifatparvarlarining Angliya jamiyatidagi bo‘linishi haqida
Markiz Galifaks “Siyosat haqidagi o‘ylar va fikrlar” asarida mamlakatda yuzaga kelgan torilar va viglar haqida fikr bildirar ekan, “ikki raqobatchi harakat jamiyatni ikkiga bo‘lib yubordi”, deb yozadi. Galifaks nazarida, aksar inglizlar harakatning mohiyatini ham tushunmasdan, u yoki bu siyosiy harakatga qo‘shilishga shoshilayotgani haqida keltirib o‘tdi.U Angliyada yuzaga kelgan ikki harakat mamlakatning taraqqiyotiga emas, aksincha, hukumatda kim rahbar va u bundan qanday foyda ko‘radi, degan masala ustida kurash ketishi haqida bayon qildi. Shuningdek, Markiz nazarida, hokimiyat tepasida turgan partiya muxolifat tarafidan tanqid qilinar ekan, muxolifat ham hokimiyat tepasiga kelgach, amaldagi hokimiyat yo‘l qo‘ygan xatolarga takror yo‘l qo‘yishi haqida o‘ylamaydi, deydi.
“Gulliverning sayohatlari” asari muallifi Jonatan Svift nazarida esa jamiyatning ikki harakatga tarafdorlariga bo‘linishi “jinnilikdan boshqa narsa emas”. The Examiner gazetasiga bergan intervyusida Jonatan Svift “Baxtga qarshi, biz ikki partiyaga bo‘linib oldik, ularning har biri hukumatda, din borasida yetakchi bo‘lishga intilmoqda va ularni bir-biridan farqlaydigan yagona jihat – kurash uslubidir”, deydi. Svift viglar haqida fikr bildirar ekan, ularning harakatlari haqida salbiy munosabat bildirdi va “ular moliyaviy kasod bo‘lgan va o‘z cho‘ntaklarini qappaytirib olish istagida bo‘lgan siyosatchi oliftalar”, deya baholaydi.
“Robinzon Kruzo” muallifi Daniel Defo esa o‘z kundaliklarida Angliyadagi hech bir harakatning tarafdori emasligini, uning maqsadi faqat ingliz jamiyati uchun xizmat qilishini bildiradi. Defodan farqli ravishda Jonatan Svift o‘z yozmalarida viglar va torilarni yarashtirishga urinadi. Svift va Defoning bunday yondashishlari zamirida ham shaxsiy manfaatlar – shaxsiy xavfsizlik yotishini ko‘rish mumkin. O‘sha davrning ko‘plab hajvchilari, pamfletistlari singari Defo ham, Svift ham eng avvalo shaxsiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda harakat qiladi.
Bu esa ularning ijod qilishi va kun ko‘rishi uchun ko‘plab sabablaridan biri edi. Defo hattoki o‘z kundaliklarida “kunlardan bir kun bir vigdan hokimiyat tepasiga kelsak, sizni dorga osamiz degan xabar oladi, boshqa kuni esa yakobitchilar tarafidan yuborilgan sizni darhol o‘ldiramiz” mazmunida xabar olganini yozib qoldiradi. (/Defoe D./ A Review. Vol. 8. L., 1711. P. 339) Sababi Defo torilarning hukumatidagi vazirlikda ishlashi bilan birga, viglarning ayrim fikrlarini qo‘llaganida edi.
Jonatan Svift ham 1710-yilda shunday noqulay vaziyatga tushib qoldi. Torilar o‘rniga viglar kelishi aniq bo‘lgach, Svift davlat kotibi lord Bolingbrukka maktub yo‘llab, o‘z hayoti uchun xavotirda ekanini, shu sababli shu paytga qadar torilardan yordam kutmagan yozuvchi uni mamlakatdagi siyosiy vaziyat barqarorlashguncha chet elga yuborishini so‘rab iltimos qilgani haqida yozadi.
So‘ngso‘z o‘rnida
Angliya o‘z tarixida ko‘plab milliy nizolarni ko‘rgan, qonli, ba’zida o‘ta fojiali voqealarni boshidan kechirgan tarixi o‘ta xilma xil mamlakat. Ming yildan ortiq vaqt mobaynida Angliya orolida mutlaq hokimiyatga ega bo‘lgan qirol va qirolichalar saltanatni boshqardi, o‘z irodalarini o‘tkazdi.Sanoat inqilobining boshlanishi esa Angliyada turli ziyoli qatlam va siyosiy harakatlarning yuzaga kelishiga, ularning mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotida faol bo‘lishi orqali xalqning siyosiy tafakkurini, dunyoqarashini yuzaga keltirishda muhim rol o‘ynadi. Tori va viglar XVII asrlarda hali partiya bo‘lmasa-da, siyosiy dunyoqarashni yuzaga kelishiga, hozirda biz bilgan Buyuk Britaniyadagi ikki partiyali tizimning paydo bo‘lishiga yordam berdi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.