Bangladeshdan 888 nafar mehnat migrantlari O‘zbekistonga olib kelinadi, deya xabar bermoqda Bangladeshning Daily Star nashri. Bangladeshliklarni Qarshidagi injiniring kompaniyasi yollagan, ammo xabarda kompaniya nomi keltirilmagan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bangladeshlik 239 nafar ishchini olib ketgan birinchi samolyot allaqachon O‘zbekistonga qo‘ngan. Qayd etishlaricha, “yuqori malakali ishchilarning qolgan qismi yaqin vaqt ichida ikkita reys bilan yetib keladi”.
“Bangladesh mehnat bozorini tahlil qilayotgan mutaxassislar O‘zbekistonni ushbu mamlakat fuqarolarini ish bilan ta’minlash uchun yaxshi imkoniyat, deb baholashmoqda. Bangladesh hukumati uchun hozirgi kunda yangi mehnat bozorlarini izlab topish o‘ta muhimdir. Chunki turli sabablarga ko‘ra Fors ko‘rfazi mamlakatlarida xorijiy ishchilarga bo‘lgan talab sezilarli darajada kamaygan”, — deyiladi Bangladesh nashri xabarida.
Bu xabarga munosabat bildirarkan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Tilavoldiyev pandemiya oqibatida O‘zbekistonda ishsizlar soni ortgan, aholi daromadlari pasaygan, Rossiyadan qaytgan o‘zbek mehnat muhojirlari ish topishga qiynalib yurgan hozirgi davrda bangladeshliklarga O‘zbekistondan ish taklif qilish qanchalik to‘g‘ri, degan savol qo‘ygan.
“Nahot tashrif buyuradigan bangladeshliklarning barchasi yuqori malakali noyob mutaxassislar bo‘lib, bizning mutaxassislarimiz ular bajara oladigan yumushni eplay olmasa? Ayniqsa, hozirgi murakkab paytda O‘zbekistondagi proteksionizm faqatgina ayrim monopol korxonalar uchungina emas, oddiy xalq uchun foyda keltirib xizmat qilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi”, — deb ta’kidlagan Nodir Tilavoldiyev.
Qonunchilik palatasining boshqa bir deputati Doniyor G‘aniyev esa, Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan loyihaga o‘zbekistonliklar qolib, “Bangladeshdan oddiy ishchilar”ning olib kelinishini, agar bu gaplar “rost bo‘lsa, uchiga chiqqan insofsizlik va ochko‘zlikdir”, deb atagan.
“Shundoq ham davlat kafolati ostida jalb qilingan (ya’ni soliq to‘lovchi pulidan qoplanadigan) kreditlar asosida amalga oshirilayotgan, qandaydir noma’lum xorij shirkatlariga (katta ehtimol bilan tendersiz) mavhum shartlarda bir necha milliard dollarlik loyihani amalga oshirish huquqi berilgan holatda, nahot bugungi og‘ir pandemiya sharoitini inobatga olib o‘zimizning 1000 nafar qorako‘zga biroz yuqori haq to‘lash va yaxshiroq sharoit yaratib berish qiyin bo‘lsa?”, — deb qo‘shimcha qilgan deputat G‘aniyev.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning sentabr o‘rtalarida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili xorijda ishlash istagidagi o‘zbekistonlik erkaklarning aksariyati MDH mamlakatlariga, xotin-qizlar esa Turkiya va BAAga yo‘l olayotganini ma’lum qilgandi.