OAV xodimlari, jurnalistlar media-makonda o‘z haq-huquqlari, bahsli hodisalar bo‘yicha fikrlari bilan bo‘lishib, shu fikrlar yuzasidan malakali yuristlar, advokatlar xulosasini olib borishlari uchun yangi platforma yaratiladi — maxsus veb-sayt ochiladi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev ma’lum qilgan.
Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ishga tushiriladigan ushbu platformada malakali huquqshunoslarning, media yo‘nalishidagi yuristlarning sharhlari, videolavhalari, savollarga yozgan javoblari, izohlari joylashtirib boriladi.
AOKA rahbarining so‘zlariga ko‘ra, sayt 24 soat davomida ishlab turadi. Muayyan masala yoki bahsli vaziyat bo‘yicha yurist tomonidan berilgan xulosa doim o‘sha sahifada turadi va undan istalgan vaqtda foydalanish mumkin bo‘ladi.
“Bu, birinchidan, OAV vakillarining huquqiy ongini oshirishga yordam beradi, bilimlarini kuchaytiradi. Ikkinchidan, davlat boshqaruvi organidagi OAV bilan ishlovchi xodimlar, axborot xizmatlari, matbuot kotiblarining samarali malakaga ega bo‘lishiga, bilmagan masalalar bo‘yicha javob olishlariga xizmat qiladi”, — degan Asadjon Xo‘jayev.