2020-yilning 9 oylik yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 0,4 foizga (2019-yilning 9 oyligida 5,9 foizga) o‘sdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda keltirilgan.
O‘tgan to‘qqiz oy ichida YaIM o‘sishida qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining hissasi eng yuqori bo‘lgan. Mazkur tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 3,4 foizga oshgan holda, YaIMning 0,8 foiz punktga o‘sishini ta’minlagan.
Qurilish tarmog‘ida 8,6 foizga yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilgan bo‘lsa-da, YaIM o‘sishidagi hissasi 0,5 foiz punktni tashkil etgan.
“Sanoat tarmog‘ida ishlab chiqarish hajmlarining 2,7 foizga kamayishi ta’sirida YaIM hajmining 0,7 foiz punktga kamayishi kuzatilgan. Shuningdek, xizmatlar sohasida kuzatilgan 0,7 foizga kamayish YaIM o‘sishiga -0,2 foiz punkt salbiy ta’sir ko‘rsatgan”, — deyiladi xabarda.
Mahsulotlarga sof soliqlarning 0,6 foizga kamayishi, YaIM o‘sishiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmadi va -0,04 foiz punktni tashkil etgan.
Avvalroq O‘zbekistonda aholi jon boshiga hisoblangan YaIM 1203 dollarni tashkil etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, sentabr o‘rtalarida Osiyo taraqqiyot banki 2020-yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishini 0,5 foiz darajasida prognoz qilgandi.