Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19-oktabr kuni 2021-yilga mo‘ljallangan davlat budjeti parametrlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda makroiqtisodiy barqarorlik va belgilangan budjet tushumlarini to‘liq ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Buning uchun 2021-yili iqtisodiyotda kamida 5,1 foiz, jumladan, sanoatda 5,8 foiz, xizmatlar va qurilishda 6,5 foizdan o‘sishga erishish kerak bo‘ladi. Inflyatsiya darajasi va budjet defitsitini prognoz ko‘rsatkichlaridan oshirmaslik ham muhim.

Mutasaddilarga ushbu vazifalar bo‘yicha topshiriqlar berildi. Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda 600 ming ish o‘rnini legallashtirish, 53 ta idoraning ma’lumotlar bazasini integratsiya qilish, markirovka qo‘llaniladigan mahsulotlar turini kengaytirish hisobiga budjetga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish mumkinligi aytib o‘tildi.

Yirik korxonalarda ishlab chiqarishni ko‘paytirish ham rejalashtirilmoqda. Misol uchun, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash hamda hisob-kitobni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali aksiz solig‘idan qo‘shimcha 500 milliard so‘m mablag‘ tushirish imkoni mavjud. Shu bilan birga, elektr energiyasi bilan ichki bozordagi ehtiyojni uzluksiz ta’minlash hisobiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan qo‘shimcha 250 milliard so‘m budjetga daromad tushishi kutilmoqda.

Energetika vazirligiga shu bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Transport vazirligiga 2021-yil qatnovlarni tiklash, yangi marshrutlarni ochish hisobiga budjetga tushumlarni 2019-yildagi ko‘rsatkichlarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy nafaqa oluvchi muhtoj oilalar soni 2020-yil boshiga nisbatan 2 baravarga oshirilishi belgilandi. 2021-yil 1-yanvardan yagona ijtimoiy reyestrni barcha hududlarda ishga tushirib, ijtimoiy nafaqalar ajratish tizimini to‘liq avtomatlashtirish zarurligi qayd etildi.

Tadbirkorlik dasturlari doirasida 3 trillion so‘mdan ortiq subsidiyalar berilishi mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hamda Jamoat ishlari jamg‘armasiga 250 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Yangi ish o‘rinlari ochish va aholini tadbirkorlikka jalb qilish hisobiga kam ta’minlanganlar sonini qisqartirish zarurligi ta’kidlandi.

Budjetni shakllantirishda mahalliy kengashlar vakolatlarini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hududlar o‘zi uchun qo‘shimcha rezervlarni aniqlashi, ularning hisobiga joylardagi muammolarni hal qilishga o‘rganishlari maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev budjet xarajatlari ochiq-oshkora bo‘lishi, vazirlik va idoralar, hududlar uning har bir so‘mini oqilona sarflashi kerakligini ta’kidladi. Moliya vazirligiga tashkilotlarda ichki audit tizimini mustahkamlash, noqonuniy xarajatlar va kamomadlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bundan buyon xarajatlar tarkibi va natijadorligi davlat idoralarining rasmiy saytlarida e’lon qilish tartibi joriy qilinadi va bunga amal qilmagan rahbarlarga jarima qo‘llaniladi. Buni Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlar nazorat qiladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlariga 2021-yil uchun markazlashgan, xorijiy va xususiy investitsiya dasturlarini shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Yig‘ilishda mutasaddilar 2020-yil yakunigacha va 2021-yilda budjet ko‘rsatkichlarini ta’minlash bo‘yicha mavjud xavf-xatarlar va ularni bartaraf etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Avvalroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 2021-yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 4,5 foizga yetishini prognoz qilgandi. Osiyo taraqqiyot banki esa 2020-yilda O‘zbekiston YaIM o‘sishini 0,5 foiz, 2021-yilda 6,5 foiz darajasida prognoz qilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Oʻzbekistonda yashil energetika davri boshlanganiga uch yil boʻldi. Nimalar oʻzgardi?
Mahalliy
Fotoreportaj: Prezident tashrifiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Namangan
Sport
Lionel Messi Krishtianu Ronalduning rekordini yangiladi