Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, tajriba sifatida umumiy ta’lim muassasalarini keyinchalik kengaytirish huquqi bilan 5 yilga xususiy sektorning ishonchli boshqaruviga o‘tkaziladi. Gap Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Nukus shahri va viloyatlar markazlaridagi navbatlilik koeffitsiyenti 0,7 dan past bo‘lgan maktablar haqida ketmoqda. Bunda davlat budjetidan ta’lim muassasalarini ta’minlash uchun ajratiladigan mablag‘lar kamaytirilmaydi.
Xususiy mulkdor quyidagi majburiyatlarni bo‘yniga oladi:
- bolalar uchun bepul ta’lim berish;
- binolarni ta’mirlash;
- moddiy-texnik bazani mustahkamlash.
Eslatib o‘tamiz, 30-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan ta’lim sohasidagi muammolar, ularni hal etish va ta’lim sifatini oshirishga bag‘ishlangan videoselektorda mamlakatda xususiy ta’lim muassasalariga keng sharoit yaratilayotgani bois kelgusi yildan eksperiment tariqasida kam quvvatda ishlayotgan maktablarni tanlov asosida salohiyatli talabgorlarga ishonchli boshqaruvga berish taklifi bildirilgandi. Yig‘ilishda, xususan, Toshkent shahridagi 32 ta maktabda o‘quvchilarni qamrab olish darajasi pastligi qayd etilgan.