Bangladeshdan qariyb 900 nafar mehnat migranti Qarshidagi injiniring kompaniyasiga olib kelinishi to‘g‘risida xabar berilgandi. O‘zbekiston Mehnat vazirligining ma’lum qilishcha, vazirlik bangladeshliklarga O‘zbekistonda ishlash huquqini bermagan.
Xabarlarga ko‘ra, bangladeshlik 239 nafar ishchini olib kelgan birinchi samolyot O‘zbekistonga qo‘ngan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Nodir Tilavoldiyev va Doniyor G‘aniyev holatga e’tibor qaratib, “Rossiyadan qaytgan qorako‘z migrantlarimiz ish topishga qiynalib yurgan bir paytda shuncha bangladeshliklarning O‘zbekistonga kelib, o‘zimiznikilarning rizqini qirqish qanchalik to‘g‘ri bo‘larkan?” deya fikr bildirgandi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2009-yil 15-oktabrdagi qarori bilan “O‘zbekneftegaz” AJ va Uzbekistan GTL mas’uliyati cheklangan jamiyatiga buyurtmalari asosida xorijiy mutaxassislarni o‘rnatilgan tartibda jalb qilishiga ruxsat berilgan.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi qaroriga muvofiq xorijiy fuqarolar O‘zbekiston hududida ishlash uchun tasdiqnomalar olishi belgilangan. Qarorga ko‘ra, ish beruvchi chet el fuqarosiga O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomani olish maqsadida Tashqi mehnat migratsiya agentligiga murojaat qilish lozim.
“Lekin shu kungacha ‘O‘zbekneftegaz’ AJ, Uzbekistan GTL yoki loyiha bosh pudratchisi, Enter Engineering Pte. Ltd. kompaniyasi mazkur tasdiqnomani olish uchun murojaat qilmagan”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik “O‘zbekneftegaz” AJ va Enter Engineering Pte. Ltd. kompaniyasi, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligidan Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasi uchun jalb qilinayotgan xorijiy ish kuchi to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar bo‘yicha so‘rov yuborgan.
Bundan tashqari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur loyihani amalga oshirish doirasida talab qilinadigan bo‘sh ish o‘rinlariga mahalliy ishsiz aholini jalb etish, ularning malaka darajasi yetarli bo‘lmaganda bepul kasbiy o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildiradi.