Aralash jang san’atlari (MMA) sport turi bo‘yicha UFC promoushenining yengil vazn toifasidagi chempioni Habib Nurmagomedov (29-0-0) faoliyati davomida qancha mablag‘ga ega bo‘lgani hisoblab chiqildi. Bu haqida Forbes ma’lumotlariga tayanib, Eurosport xabar berdi.
Habib MMA’dagi faoliyatini 2008-yilda boshlagan. Nurmagomedov 2018-yilda faoliyatining cho‘qqisiga chiqqan va uning gonorari sezilarli darajada oshgan. 2018-yil 1-iyunidan 2019-yil 31-mayiga qadar Habib 11,5 million dollar ishlab topgan. 2019-yil 1-iyunidan 2020-yil 31-mayiga qadar ham dog‘istonlik sportchi 11,5 million dollarga ega bo‘lgan. Habibning MMA’dagi butun faoliyati davomida ishlab topgan puli esa 30 million dollarga yaqin.
Sportchining eng katta gonorarlari esa quyidagi sportchilarga qarshi janglar orqali qo‘lga kiritilgan: Konor Makgregor bilan jangdan 2 million dollar, Dastin Porye bilan jangdan 4 million dollar, Jastin Getji bilan jangdan esa 3 million 90 ming dollar. Bunda jangdan oldin kafolatlangan gonorar miqdori keltirilgan. Translyatsiya va homiylik pullari hisobga qo‘shilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Nurmagomedov 24-oktabrda Jastin Getji (22-3-0) ustidan g‘alabasidan so‘ng faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)