O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2020-yilning 29-oktabr kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Polsha favqulodda va muxtor elchisi Pyotr Ivashkevichni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston—Polsha ko‘p qirrali aloqalarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda sezilarli faollashuvga ega bo‘lgan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish Polsha bilan aloqalarning asosiy yo‘nalishi ekanligi ta’kidlandi. Pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Polshaga eksport qilish hisobiga 2020-yil yanvar–sentabr oylarida savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga o‘sdi.
Suhbat davomida madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirishga, xususan, ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirdilar. Hozirda Andijonda Varshava menejment universitetining filialini ochish loyihasini amalga oshirish masalasi ustida ish ketayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida elchining ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishdagi faoliyatiga yuqori baho berildi.
Izoh (0)