Farg‘onada prokuratura idoralari tomonidan viloyat hududidagi dehqon bozorlarida narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida oziq-ovqat, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini asossiz va qimmat narxda sotgan 129 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda xalq deputatlari viloyat kengashining o‘n to‘qqizinchi sessiyasida viloyat prokurori Ulug‘bek Qosimov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov.

Foto: “Daryo”

Viloyat prokurorining qayd etishicha, hududlarda davriy ravishda yangilanib turadigan oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasini yaratishga yetarli e’tibor qaratilmaganligi bozorlardagi narx-navoning oshib ketishiga olib kelmoqda.

Bu holatlar 16—18-oktabr kunlari viloyat prokuraturasi hamda departament idoralari tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalarida ham o‘z isbotini topgan.

Nazorat tadbirida 11 ming 240 ta rastasi bo‘lgan 24 ta bozorning 17 tasida omborxonasi mavjud bo‘lsa-da, hozirda kuz-qish mavsumi uchun oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi mavjud emasligi aniqlangan.

Foto: “Daryo”

Ushbu holatlar yuzasidan bozor ma’muriyatining 30 nafar mansabdoriga hamda oziq-ovqat mahsulotlarini qimmat narxda sotgan 475 nafar shaxsga nisbatan rasmiy ogohlantiruv e’lon qilingan. Shuningdek, 129 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka, bu borada yetarli nazoratni ta’minlamagan 2 nafar departament xodimi intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Ma’lum qilinishicha, Beshariq tumanidagi dehqon bozori hududida fuqaro B.X. belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, 30 kilogramm mol go‘shtini qimmat narxda, ya’ni 62 ming so‘mdan sotayotganligi aniqlanib, unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik hujjatlari rasmiylashtirilgan.

“Shuning uchun ham bugungi kundagi eng muhim vazifamiz – xalqimiz uchun arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish, bu orqali odamlarning kayfiyatini ko‘tarish va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini orttirish hisoblanadi”, — deya ta’kidlagan viloyat prokurori U.Qosimov.

Foto: “Daryo”

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onadagi bozorlarda go‘shtni 62 ming, shakarni 7500 so‘mdan sotgan fuqarolarga chora ko‘rilgan xabar berilgandi. Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-oktabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va shakar narxining keskin o‘sishi aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. Prezident barcha oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi bo‘lishi kerakligini, bu davlat siyosatiga aylanishi lozimligini ta’kidladi.