Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan edi. Unda go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va shakar narxining keskin o‘sishi aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani ta’kidlangan edi.

Foto: “Gazeta.uz”

Viloyat, tuman, shahar hokimlari va sektor rahbarlariga o‘z hududida yaratilgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha tizim, bozordagi shart-sharoitlar va narx-navo bo‘yicha xalqqa hisobot berish bo‘yicha vazifa yuklatilgan edi.

“Gazeta.uz”ning yozishicha, 18-oktabr kuni yirik supermarket tarmoqlari, do‘konlar va ayrim bozorlarda yuqori narx tasnifiga kiruvchi go‘sht yo‘qolib qolgani, mavjud go‘sht mahsulotlarining narxi esa 60 ming so‘mdan oshmayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda mushtariylar ham ma’lum qilgan, ijtimoiy tarmoqlarda ham xabarlar qoldirilgan.

“Prezident hokimlarga mahsulotlar narxi oshishiga qarshi kurashishni buyurdi. Hokimlar bu muammoni qanday hal qildi? Soliq xizmatlariga ‘Korzinka.uz’ va ‘Makro’ do‘konlarida aylanib, 1 kilosi 50 ming so‘mdan qimmat bo‘lgan go‘shtlarni rastalardan olib tashlashni buyurdi... Biz, iste’molchilar, endi tanlov huquqidan mahrummiz”, — deb yozgan Facebook’dagi 255 mingdan ortiq foydalanuvchini birlashtirgan “Potrebitel.uz” guruhi a’zolaridan biri.

“Ekobozorga kiraverishda 60 ming so‘mdan go‘sht sotilayotgan edi, olmoqchi edik, sotuvchi suyak qo‘shib bera boshladi. ‘Bizga alohida suyaklar kerakmas, olayotgan go‘shtimizdagi suyaklar yetadi’, degan gapimizga sotuvchi ‘unda sotmayman’, deb javob berdi. Rasmiy menejer Karimov B.ga murojaat qilsak, u ham sotuvchining gaplarini tasdiqladi”, — deb yozgan boshqa bir foydalanuvchi hamda xabariga surat va videoyozuvlarni ilova qilgan.

“Bugun Yunusobod-14, Ahmad Donishdagi do‘konga kirdim. Rastada do‘kon kam edi. 60 ming so‘mdan faqat yog‘ va suyaklar bor edi. Sotuvchi: ‘Prezident farmoni — qimmat go‘sht sotilmaydi. Narxlar pasaymagunicha, bu farmongacha sotilgan yaxshi go‘sht bo‘lmaydi’, dedi”, — deb yozgan yana bir internet-foydalanuvchisi kommentlarda.

Toshkentdagi Parkent bozorida go‘sht 60 ming so‘mdan sotilmoqda, biroq juda ko‘p suyak va yog‘ qo‘shib berilyapti. Ismini oshkor etishni istamagan sotuvchining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, “prezident farmoni” bilan go‘sht narxiga 60 ming so‘mlik cheklov qo‘yilgan, shu bois u yog‘ va suyak qo‘shib berishga majbur bo‘lyapti. O‘tgan hafta xuddi shu go‘sht 70 ming so‘m bo‘lgan. Sotuvchining fikricha, narxni nazorat qilish befoyda, vaziyat yanada yomonlashadi, bundan avval ham shu kabi o‘xshamagan urinishlar ko‘p bo‘lgan.

Boshqa bir sotuvchi ham go‘shtni past narxda sotib, ko‘p yog‘-suyak qo‘shishga majburligini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir bozorda 7 million so‘mdan kamiga 100 kiloli buqani topolmaysan. Bundan tashqari, chorva uchun yem narxi oshganini ham hisobga olish kerak (masalan, yirik shoxli qoramol uchun sentyabr oyi boshida birjada 5,8 million so‘m bo‘lgan maxsus yem narxi 6,9 million so‘mgacha ko‘tarilgan).

Oloy bozoridagi go‘sht rastalarida ham narx 60 ming so‘mdan past. Ayni vaqtda qimmat go‘sht ham bor. “Gazeta.uz” muxbiri 83 ming so‘mga bifshteks go‘sht sotib olgan. Bonfile esa avvalgidek narxda – bir kilosi taxminan 120 ming so‘mdan.

Yirik supermarket tarmoqlarida ham go‘sht narxi 60 ming so‘mdan oshmayapti. Tarmoqlar hozircha ushbu holat yuzasidan biror izoh bermagan. Qayd etish joiz, “Korzinka.uz” 17-oktabr kuni Telegram’da go‘sht narxlari va suratlarini e’lon qilgan: ko‘krak va qovurg‘a — 52 990 so‘mdan, to‘sh — 58 890 so‘mdan, bo‘yin — 59 990 so‘mdan.

Foto: Telegram / @korzinka_uzbek

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari narxlarni barqarorlashtirish uchun shakar, kartoshka, o‘simlik yog‘i, go‘sht, qoramol va parrandani tirik holda va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni olib kirish, shuningdek ularni realizatsiya qilish aylanmalarini qo‘shilgan qiymat solig‘idan vaqtincha ozod qilish taklifi bilan chiqqani ma’lum bo‘lgan edi.

Go‘sht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Promeat kompaniyasi direktori, fermer Izzat Mutalov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida go‘shtni QQSdan ozod qilish noto‘g‘ri va samarasiz ekanini aytib o‘tgan edi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda chorvaning 91 foizi (2019-yil yakunlariga ko‘ra 94 foizi) aholining qo‘lida, fermerlarning emas.

Izzat Mutalovning so‘zlariga ko‘ra, aholi chorvani naqd pulga sotadi va bu “soyadagi operatsiyalar” hisoblanadi va “hech qanaqasiga QQS tizimi bilan kesishmaydi”, shu bois taklif qilinayotgan choralar kutilgan samarani bermaydi. QQSning bekor qilinishi resurslar va xomashyo, xususan, chorvadorlar ishlatayotgan yonilg‘i, urug‘lik, uskunalar narxi oshishiga olib keladi.