“O‘zbekkino” Milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura tomonidan “O‘zbekkino” Milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti mutaxassislari tomonidan “O‘zbekkino” Milliy agentligida o‘tkazilgan tekshiruv hujjatlari asos bo‘lgan.
Tergov jarayonida “O‘zbekkino” Milliy agentligining faoliyatiga tegishli hujjatlar olinib, moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuzasidan taftish tayinlangan.
Aniqlanishicha, 2018-yil 22-iyunda “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamda Best organaizer MChJ o‘rtasida “Menman Jaloliddin”nomli film yaratish haqida dastlabki shartnoma tuzilib, shartnomaga muvofiq oldindan avans sifatida 533 million so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
Lekin ushbu filmni suratga olish ishlari “Mendirman Jaloliddin” nomi bilan Turkiyadagi hamkorlar bilan olib borilganligi, uni ishlab chiqarish xarajatlari budjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilganligi sababli “O‘zbekkino” Milliy agentligidan ajratilgan mablag‘lar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda budjetga qaytarilgan.
Qayd etilishicha, tergov harakatlari davomida 2020-yil 3-oktabr kuni taqdimot marosimi bo‘lib o‘tgan “Mendirman Jaloliddin” filmiga tegishli hujjatlar olinmagan hamda ushbu filmni ishlab chiqargan shaxslarning jinoyat ishiga hech qanday aloqadorligi yo‘q.
Mavzuga doir:
- Ozodbek Nazarbekov 7 mln dollar sarflanayotgan “Mendirman Jaloliddin” seriali ijodkorlari bilan uchrashdi (foto)
- Saida Mirziyoyeva “Mendirman Jaloliddin” seriali haqida: Kun kelib tarixiy shaxslar haqidagi film suratga olinishiga o‘z hissamni qo‘shaman, derdim
- “Qiynalib ketdim”. Yulduz Rajabova Turkiyada 10 oy yashagani, “Mendirman Jaloliddin” serialidagi qiyinchiliklarga to‘la roli haqida (video)
- “Gonorarim mehnatimga yarasha”. Rayhon Ulasenova “Mendirman Jaloliddin” serialida askardek mehnat qilgani haqida gapirdi (video)