Vimeo videoxostingi O‘zbekistonda ko‘rsatilgan raqamli xizmatlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etildi.
2020-yildan boshlab O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslarga xizmatlarni elektron shaklda taqdim etadigan xorij kompaniyalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lash tartibi joriy etilgandi. Ayni paytda ushbu ro‘yxatga olingan xorijiy internet-kompaniyalarning soni 20 taga yetdi.
Xususan, Google, Yandex, Facebook, Netflix, Samsung, Apple, “Booking.com” va boshqa kompaniyalar O‘zbekistonda ko‘rsatilgan raqamli xizmatlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Mamlakatda bunday kompaniyalarni ro‘yxatga olish uchun Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan maxsus xizmat — internet-kompaniyalarning QQS-ofisi yaratilgan.
Vimeo 2004-yilda ishga tushgan AQSh videoxostingi bo‘lib, YouTube’ning muqobili hisoblanadi. Vimeo’da mualliflar asosan rejissorlar va videograflar ekanligi bilan ajralib turadi, shu sababli butun kontent multfilmlar, filmlar, qisqa metrajli filmlar, tadbirlardan olingan videolar, musiqiy kliplar va har xil turdagi qo‘llanmalardan iborat.