AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID orqali O‘zbekistonga COVID-19’ga qarshi kurashish harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,23 million dollarlik tibbiy jihozlar yetkazib berdi. Bu haqda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining O‘zbekistondagi missiyasi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, laboratoriya uskunalari va 100 mingta test o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan reagentlarni o‘z ichiga olgan ushbu materiallar mamlakatning COVID-19’ni aniqlash uchun xavfsiz va tezkor sinov o‘tkazish salohiyatini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.
“COVID-19 nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda odamlarning kundalik hayoti va yashash tarziga tahdid bo‘lib qolmoqda. Ushbu virus hech kimni chetlab o‘tmadi — o‘zimiz, yaqinlarimiz, qo‘ni-qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz, hamkasblarimizga ta’sir qildi. Yo‘qotgan har bir kishimiz, yopilgan har bir korxona va uning oqibatida jabrlangan odamlar uchun ham biz virusga qarshi kurashishni davom ettirishimiz zarur. Bu kurashda biz hammamiz birgamiz”, — dedi AQSh elchixonasida missiya boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Aleksis Sallivan. “AQSh hukumati o‘zbekistonlik hamkorlari bilan mamlakatda xalq salomatligi va farovonligini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaqindan hamkorlik qilish tamoyiliga sodiq qoladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Keltirilgan jihozlar AQSh hukumatining O‘zbekistonga COVID-19’ga qarshi kurashda ko‘rsatayotgan yordamining bir qismi hisoblandi. Shu kungacha AQSh hukumati O‘zbekistonga COVID-19 epidemiyasiga qarshi kurashishda yordam berish uchun 8,8 million dollar ajratdi. Sentabr oyida USAID O‘zbekistonga 200 ta sun’iy nafas oldirish apparatini taqdim etgan edi. USAID O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa hamkorlari bilan ushbu moslamalarni butun mamlakat bo‘ylab sog‘liqni saqlash muassasalariga tarqatishda yaqindan hamkorlik qildi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh hukumati va Xalqaro taraqqiyot agentligi koronavirusga qarshi kurashda O‘zbekistonga yaqindan ko‘mak bermoqda. Xususan, agentlik O‘zbekistonga fevral, mart va aprel oylarida yordam ko‘rsatdi. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC/CAR) Markaziy Osiyo hukumatlarining COVID-19’ga qarshi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 6,8 million dollar ajratdi, buning 2,07 million dollari esa O‘zbekistonga berildi. Shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida AQSh hukumati USAID orqali O‘zbekistonga qo‘shimcha 3 million dollar ajratishi ma’lum qilindi. USAID pandemiya vaqtida Markaziy Osiyo mehnat muhojirlari himoyasi uchun 2 million dollar ajratdi.