Eldor Shomurodovning “Jenoa”ga o‘tishi nafaqat o‘zbek, balki rus futbol jamoatchiligini ham yaxshigina larzaga keltira oldi. Boisi odatda bunday transferlar qarama-qarshi yo‘nalishda amalga oshirilardi. Yana bir alohida jihat shundaki, “Jenoa” o‘n yil ichida biror futbolchining transferi uchun buncha mablag‘ sarflamagandi, faqatgina bir-ikki millionlik xaridlarni amalga oshirib kelayotgandi, xolos. Soddagina (garchi bu borada Eldorning oldiga tushib bo‘lmasa ham insoniy fazilatlar nazarda tutilmayapti) unchalik mashhur bo‘lmagan, osiyolik futbolchi uchun 8–9 million sarflanishi – bu juda baland ko‘tarilishdir. Klub tarixida Shomurodovdan qimmatroq faqat bir xorijlik hujumchi bo‘lgan – Diyego Milito.

Eldor transferi ko‘p sonli kelishuvlar oqimida yo‘qolib qolmaydi. Chunki narxning o‘zi ham bunga yo‘l qo‘ymaydi. Gazetta dello Sport allaqachon Shomurodov bilan Kshishtof Piontekning (futbolchi “Jenoa”dan “Milan”ga yo‘l olgandi) taqdiri takrorlashi mumkinligi haqida yozdi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, boz ustiga Eldorning narxi ham ikki baravar qimmatroqdir. Demak, quyida Shomurodov Italiyada yana nimalarga duch kelishi mumkinligi haqida fikr yuritiladi.

“Jenoa” himoyaviy o‘yin ko‘rsatadi, hujumchilar o‘z darvozasiga qadar himoyalanadi. Eldor ko‘p ishlashiga to‘g‘ri keladi

“Jenoa” ustozi Rolando Maran burchak zarbalarida himoyalanish mavzusi bo‘yicha murabbiylik diplomini himoya qilgan. Shuni hisobga olib, undan sovuq va himoyaviy o‘yinni kutish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Foto: Lapresse

Maran o‘yinni bloklamaydi, balki uni shu darajada soddalashtiradiki, qolgan jihatlar o‘zidan o‘zi amalga oshib ketaveradi. U o‘yinni himoyadan quradi, pastroqda o‘ynaydigan pas beruvchi tayanch yarim himoyachisi esa bir zumda bo‘shliqlarni to‘ldirib, jamoaning pozitsion hujumga o‘tishini ta’minlaydi. Uning ushbu uslubi barcha klublarda saqlanib kelgan – “Kataniya”, “Kyevo”, “Kalyari” va hozirgi “Jenoa”da ham. Rolando A Seriyada sakkiz yildan beri ishlaydi, shu vaqt ichida u oltita sxemani amalda qo‘llab ko‘rdi va o‘ta moslashuvchan mutaxassis ekanini isbotladi, biroq uslub har doim bir xil bo‘lib qolavergan.

Ochig‘ini aytganda, Maranning hujumchilariga havas qilib bo‘lmaydi. Hujumchilar uning sxemasida asosiy rolni o‘ynaydi. Ular maydonda yarim himoyachilardan kam yugurmaydi.

“Jenoa” asosan, ikki usul bilan himoyadan chiqadi. Agar raqib juda kuchli bosim qilmasa, Maran qisqa paslar orqali tezkor qarshi hujumlarni ma’qul ko‘radi: bu yerda ikkinchi hujumchi eng muhim rolni o‘ynaydi – u chiziqlar orasida uzatmani qabul qilib, to‘pni ushlab turadi va hujumni rivojlantiradi. Agar mabodo himoyachilar bosim uyushtiradigan bo‘lsa, genuyaliklar uzun paslarga o‘tadi. Bu holatda asosiy hujumchi ikkinchi qavatdagi kurashda g‘olib chiqib, sheriklarini to‘p bilan ta’minlaydi.

Foto: “Sports.ru”

To‘pni ushlab turgan “Jenoa” bo‘sh hududlar orqali hujum uyushtiradi. Agar bu natija bermaydigan bo‘lsa va raqib yopilib olsa, genuyaliklar ehtiyotkorlik bilan 3-1-4-1-1 ko‘rinishida joylashib oladi. Hal qiluvchi pallada esa kam o‘yinchilar ishtirok etadi. Ko‘p qavatli ustma-ust joylashish Maranning “to‘pni qancha yuqorida olsak, darvozaga shuncha kam xavf bo‘ladi” degan asosiy qoidasiga muvofiqdir.

To‘p yo‘qotilganida esa genuyaliklar 5-3-2 sxemasi bo‘yicha joylashib oladi. Himoyaning chuqurligi esa raqibga bog‘liq. Top jamoalar bilan o‘yinlarda forvardlar to‘liq himoyachiga aylanadi: ular o‘z maydonlari tomonga tushib, koridorlarni yopadi, hatto darvozadan 40 metr uzoqlikda to‘p uchun kurashga qo‘shiladi. Standart vaziyatlarda esa “Jenoa” jarima maydonchasiga 10 nafar o‘yinchining barchasi keladi. Kuchsizroq klublar bilan esa jamoa yana-da agressivroq o‘yin ko‘rsatadi, pressingga ertaroq kirishadi va u darajada kuchli yopilmaydi.

Italiyada grand jamoalarning ko‘p emasligini hisobga olib, ko‘pgina uchrashuvlarda Shomurodov aynan birinchi variant bo‘la oladi, boisi “Jenoa” tarkib bo‘yicha Italiyaning eng kuchsiz jamoalaridan biri. Jamoa a’zolarining aksariyati yuqori cho‘qqisidan o‘tib bo‘lgan va ular tez-tez jarohat olib turadi, ularning o‘rnini bosadiganlar esa ikki yoki uch baravar kuchsizroq. O‘tgan mavsumda genuyaliklar faqat so‘nggi turga kelibgina, bazo‘r elitada jon saqlab qoldi. Joriy mavsumda esa jamoa o‘z oldiga xavfli zonani tark etish maqsadi qo‘yilganini ochiqchasiga tan oldi.

Umuman olganda, Maranning futboli yuqori darajada emas. Bu yerda hammasi “qora mehnat”ga asoslangan bo‘lib, ishlashga va ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Hujumchilar o‘rtasidagi rollar aniq belgilangan. Bir hujumchi oldinga harakatlanayotganda, ikkinchisi yashin tezligida olg‘a yugurishi va himoyachilarni o‘zi bilan olib ketishi kerak.

Foto: Lapresse

Shomurodov esa har ikkala rolni ham bajarishga qodir, lekin u birinchi navbatda “to‘qqizinchi” raqam sifatida foydalaniladi. U uzun paslarga mo‘ljal olishi va hujum hamda himoyada ulkan masofani bosib o‘tishga tayyor turishi kerak bo‘ladi. Samaradorlik esa krosslarga bog‘liq: “Jenoa”ning 81% hujumlari qanotlardan uyushtiriladi, bu esa A Seriyadagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

“Jenoa”da 8 nafar hujumchi bor, biroq ularning aksariyati Eldor bilan raqobat qila olmaydi

Hozir “Jenoa” ro‘yxatida 8 nafar hujumchi bor, ammo ularning orasida Eldor bilan raqobatlasha oladigani kam: ro‘yxatning yarmini ijaraga olingan yosh yigitchalar tashkil qiladi. Ammo nima bo‘lganda ham ikki o‘rin uchun besh futbolchi kurashadi: Marko Pyatsa, Mattia Destro, Goran Pandev, Janluka Skamakka va Shomurodov. Eldor ushbu ro‘yxatda asosiydan muqim joy olish uchun eng munosibidek go‘yo.

Bunga qator sabablar bor: Pyatsa va Destro sobiq kelajak yulduzlar (porlamagan yulduzlar degan ma’noda), Skamakka esa futbolga endi kirib kelgan, u hali 21 yoshda. Shuni hisobga olib, uning ro‘yxatda birinchi bo‘lish ehtimoli juda kam.  Goran esa 37 yoshda. Ushbu holatda Shomurodovning yoshi va Italiya futboliga begona ekani murabbiylarga undan “chaqilmagan yong‘oq” sifatida foydalanish uchun ayni muddao bo‘ladi. Shunday ekan Rolando Maran janoblari loyihani Shomurodov atrofida qurish ehtimoli juda yuqori.

Loyiha so‘zi bu yerda shunchaki tasodif emas. Maran jamoaga murabbiy bo‘lib tayinlanganidan keyin shunday degandi: “Prezident endi maydondagi ortiqcha qiyinchiliklarni xohlamayapti. U mendan birinchi mavsumda elitada qolishni so‘radi, ikkinchisida esa o‘zimizga xos bo‘lgan uslubni yaratish va yuqoriroq ko‘tarilishni so‘radi. Menga yorqin, kuchli va Genuya mentalitetiga ega jamoa kerak”.

Darhaqiqat, “Jenoa” jon saqlab olish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Maran esa yaxshi murabbiy ekanini dastlabki turlarda isbotlab bo‘ldi.

Foto: “Rostov” FK

Shu bilan birga Eldorning istiqbollari faqatgina strategik ustunlik bilan cheklanib qolmaydi. U Maranga aksariyat raqobatchilaridan ko‘ra ko‘proq mos keladi. Boisi yuqorida nomlari zikr etilgan hujumchilarning aksariyati jarohatga moyil futbolchilar bo‘lib, ularning hech biri ortda qolgan mavsumlarda samaradorlik bilan umuman maqtana olmagan. Shuni hisobga olib, Eldor mavsum davomida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Shomurodov Maranning uslubi va sevimli tipajlariga ega: u dinamik, tezkor, baland bo‘yli va ikkinchi qavatda ancha mazmunli o‘ynaydi. Uslubiy jihatdan u “Jenoa”ga uzukka ko‘z qo‘ygandek. Albatta, unda imkoniyat bo‘ladi, buyog‘iga faqat A Seriyaga moslashish qoldi, xolos.