Samara va Rostovdagi palata lagerlarda yashagan barcha o‘zbekistonliklar vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistonning Qozon va Rostov-Don shaharlaridagi bosh konsulxonalari ma’lumotlarida qayd etilishicha, 29-sentabr holatiga ko‘ra Samara viloyatining “Kinel”, Rostov viloyatining “Pervomayskaya” va “Lixaya” temiryo‘l stansiyalari yaqinida O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilmayapti.

“To‘plangan barcha fuqarolar avtobus reyslari va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning maxsus poyezdlari orqali vatanga qaytarilgan. Shu munosabat bilan ushbu stansiyalar yaqinidagi maxsus vaqtinchalik lagerlar ayni paytda yopilgan”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatonalari xabar berishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegarasi shu yilning 1-oktabridan ochilishi hamda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi orqali vatanga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan ayrim shaxslar shaxsiy avtomobil vositalarida O‘zbekistonga qaytish to‘g‘risida turli e’lonlar tarqalmoqda.

Vazirlik bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka chaqirdi va Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi avtomobil chegaralari tomonlar ushbu masala bo‘yicha maxsus qaror qabul qilgunga qadar chet el fuqarolari uchun yopiq qolishini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, hozirda vatanga qaytishni istagidagi O‘zbekiston fuqarolari uchun avia, temiryo‘l va avtobus charter qatnovlari tashkil etilmoqda. Ushbu reyslarga chiptalar onlayn tarzda sotilmoqda.

“Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqalorning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, bemorlar, surunkali kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Rossiya hududida bo‘lgan vatandoshlarimizdan joylarda to‘planmaslik, barcha karantin talablariga qat’iy rioya qilish hamda o‘zlari va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qo‘ymasliklarini yana bir bor so‘raymiz”, — deyiladi TIV xabarida.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kungi videoselektor yig‘ilishida “Chet ellardan shu bugungacha 90 mingdan ko‘p fuqarolarimizni qaytarib olib keldik. Yana bir marta xalqimizga murojaat qilib aytmoqchimanki, chet elda qolgan hamma fuqarolarimizni, albatta, olib kelamiz”, degan edi.