O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-iyul, chorshanba kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda budjet tushumlarini so‘zsiz ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda Prezident mamlakatdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib o‘tdi.

Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, shu paytga qadar xorijiy davlatlardan 90 mingdan ortiq fuqaro olib kelingan.

“Yana bir marta xalqimizga murojaat qilib aytmoqchimanki, chet eldagi qolgan fuqarolarimizni, albatta, olib kelamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan fuqarolarni tizimli ravishda, tartib bilan olib kelish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Prezident kasallanganlar soni ko‘payib ketgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin choralari kuchaytirilishi haqida qaror qabul qilinganini ta’kidlab o‘tdi.

Davlat rahbarining qayd etishicha, kasallanganlar soni shu tarzda oshib boraversa, Toshkent shahrida ham, viloyatlarda ham shifoxonalar kasallarni qabul qila olmay qolishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilinadi. 10-iyuldan to‘ylar, oilaviy va ommaviy tadbirlar taqiqlanadi, avtotransport harakati cheklanadi, buyum bozorlari va bolalar bog‘chalari yopiladi, xalqaro aviaqatnovlar ikki baravarga qisqartiriladi, koronavirusdan uy sharoitida davolanayotganlarga tibbiy yordam berish uchun mobil guruhlar tashkil etiladi, O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi “qizil” bo‘ladi.