O‘simliklar genetikasi va seleksiyasi bo‘yicha yirik mutaxassis, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti laboratoriya mudiri Miradham Abzalov olamdan o‘tdi. Bu haqida akademiya axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Miradham Abzalov 1941-yil 14-mart kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 58 yil davomida o‘simliklar genetikasi va seleksiyasi yo‘nalishida samarali mehnat qilgan. 1967–1990-yillarda O‘zbekiston Milliy universitetida dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan. 1990-yildan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida laboratoriya mudiri lavozimida mehnat qilib kelayotgandi.
Moskvada Rossiya Fanlar akademiyasining N.I.Vavilov nomidagi Umumiy genetika instituti ixtisoslashgan ilmiy kengashida 1991-yil doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1993-yilda professor, 1994-yildan Nyu-York Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi bo‘lgan.
Miradham Abzalov soya o‘simligini Respublikaning oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligidagi o‘rnini va tuproq unumdorligini oshirish imkoniyatlarini e’tiborga olgan holda 1997-yildan Institut ilmiy yo‘nalishiga soya o‘simligini kiritib, uning 130 dan ortiq genofondini to‘plagan. Hozirgi kunda uning 40 dan ortiq genetik kolleksiya tizmalarini ajratgan, morfobiologik va xo‘jalikda ahamiyatli belgilarini genetikasini o‘rganish natijasida qisqa muddat ichida soyani ikki navini — “Genetik-1” 2009-yildan va 2015-yildan “Sochilmas”ni tumanlashtirishga erishdi va Davlat reyestriga kiritgan.
U faol olim sifatida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti ilmiy kengash a’zosi, katta ilmiy xodimlik maktabiga kirish imtihoni bo‘yicha hay’at raisi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutidagi ixtisoslashgan doktorlik dissertatsiyalarini himoya qiluvchi kengash a’zosi va seminar raisi edi.
Izoh (0)