26-sentabr kuni Rossiyaning Samara viloyatidan 943 nafar o‘zbekistonliklar poyezdda vataniga jo‘natildi. Bu haqda “TASS” xabar qildi.

26-sentabrda ham Samaradan 750 nafar o‘zbekistonliklar avtobuslarda vatanga jo‘natilgandi. Avvalroq Samara viloyatidagi vaqtinchalik punktda ko‘p sonli o‘zbekistonlik muhojirlar to‘plangani va to‘planganlarning barchasi vatanga qaytish umidida ekanligi xabar qilingandi.

Migrantlar uchun Bolshechernigov tumanida, keyinchalik Kinel tumanida chodirli lager tashkillashtirilgan. Bu yerda tibbiy xizmat, suv keltirish va oziq-ovqat mahsulotlari hamda birinchi ehtiyoj buyumlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan, xorijiy fuqarolar va mahalliy aholining xavfsizligi ta’minlangan.

O‘zbekistonliklarni Samaradan olib chiqish bo‘yicha ish federal darajada tashkillashtirilgan bo‘lib, bu maqsadda maxsus ishchi guruh ham tuzilgan.

May oyidan beri Samara viloyatidan O‘zbekistonga 10 mingga yaqin fuqarolar qaytarilgan. 12, 14, 19 va 23-sentabrda Samaradan poyezdda 3 500 kishi O‘zbekistonga jo‘natilgan, 16-sentabrda 150 ga yaqin o‘zbekistonlik samolyotda uchib ketgan. Sentabr oyining o‘zida taxminan 6 ming nafarga yaqin o‘zbekistonliklar Samaradan vatanga qaytarilgan.

Eslatib o‘tamiz, 22-sentabr kuni Rossiyadan 746 nafar o‘zbekistonlik poyezdda vatanga olib kelingani haqida xabar berildi. 16-sentabr kuni Samaradan 938 nafar o‘zbekistonlik poyezdda olib kelindi. 15-sentabr kuni esa Samara va Yekaterinburgdan 2 mingga yaqin, 3-sentabr kuni 922 nafar o‘zbekistonlik poyezdda O‘zbekistonga olib kelingandi.

Bunga qadar Rossiyaning Shimoliy Kavkaz va Janubiy federal okruglaridan 927 nafar, Samara viloyatidan 918 nafar o‘zbekistonlik poyezd orqali mamlakatga olib kelingan. 9-avgustda Rossiyadan poyezdda olib kelingan 918 nafar o‘zbekistonlik Namangandagi karantin zonasiga joylashtirilgan. Shuningdek, shu kuni boshqa bir poyezd Samaradan Samarqandga o‘zbekistonliklarni olib kelgan.