Maxsus poyezd reyslari orqali Samaradan 938 nafar o‘zbekistonlik olib kelindi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.

Foto: Transport vazirligi matbuot xizmati

Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaning Samara viloyatidan olib kelish uchun Toshkent–Kinel–Toshkent temir yo‘l reysini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Rossiya va Qozog‘iston tomoni bilan kelishuvga binoan 14-sentabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ poyezdi 938 nafar o‘zbekistonlik bilan “Kinel” stansiyasidan O‘zbekistonga jo‘nagan edi.

Mazkur poyezd 16-sentabr kuni Toshkent Janubiy vokzaliga yetib kelgan. Ushbu reys orqali olib kelingan barcha fuqarolar avtobuslarda Toshkent viloyatidagi karantin zonalariga yetkazilgan.

Bundan bir kun avval Samara va Yekaterinburgdan 2 mingga yaqin o‘zbekistonlik, 3-sentabr kuni esa 922 nafar o‘zbekistonlik poyezdda Samarqandga olib kelingandi.

Bunga qadar Rossiyaning Shimoliy Kavkaz va Janubiy federal okruglaridan 927 nafar, Samara viloyatidan 918 nafar o‘zbekistonlik poyezd orqali mamlakatga olib kelingan. 9-avgustda Rossiyadan poyezdda olib kelingan 918 nafar o‘zbekistonlik Namangandagi karantin zonasiga joylashtirilgan. Shuningdek, shu kuni boshqa bir poyezd Samaradan Samarqandga o‘zbekistonliklarni olib kelgan.