Instagram o‘z foydalanuvchilarining smartfoni orqali ularni noqonuniy ravishda kuzatayotganlikda ayblandi. Ijtimoiy tarmoqqa egalik qiladigan Facebook kompaniyasi hozirda tegishli e’tirozlar orqali sudga berilgan, deb yozadi Bloomberg.

Foto: The Indian Express

Da’voning asosini jurnalistlarning 2020-yil iyuldagi xabarlari tashkil etgan. G‘arb nashrlari materiallarida yozilishicha, suratlar almashishga mo‘ljallangan ilova iPhone kameralaridan foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lgan, hatto u faol bo‘lmagan taqdirda ham.

Ijtimoiy tarmoq ushbu ayblovni rad etib, barcha aybni dasturiy ta’minotga ag‘dargan va ta’kidlanishicha, ushbu nuqson to‘g‘rilangan. Nuqson sababli iOS Instagram kameralardan ruxsatsiz foydalangan deb hisoblagan.

San-Fransisko federal sudiga taqdim etilgan shikoyatda Instagram’ning Nyu-Jersidagi Brittani Konditi ismli foydalanuvchisi ilova kameralardan “o‘z foydalanuvchisi haqidagi qimmatli ma’lumotlarni” to‘plash maqsadida foydalanayotganini bildirgan. Shikoyatda aytilishicha, foydalanuvchilarining shaxsiy va intim ma’lumotlaridan foydalangan holda Instagram va Facebook qimmatli insaydlarga ega bo‘lishi va bozorni tahlil qilishi mumkin.

Facebook vakillari hozircha vaziyatga hech qanday izoh bermagan. Avgust oyida kompaniya yuzni tanish texnologiyasi noqonuniy ravishda 100 milliondan ortiq Instagram foydalanuvchisining biometrik ma’lumotlarini yig‘ganlikda ayblangan edi. Facebook ushbu ayblovni rad etib, Instagram yuzni tanish texnologiyasidan foydalanmasligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning yanvar oyida Facebook foydalanuvchilarning hatto saytdan tashqaridagi ma’lumotlarini ham yig‘ishi oshkor bo‘lgandi.