Amerikaning Pensilvaniya shtatida Classic Cars auksioni orqali 1950-yilda ishlab chiqarilgan Lincoln Cosmopolitan sotuvga qo‘yildi. AQShning 33-prezidenti Garri Trumenning buyurtmasi asosida yaratilgan limuzin 160 ming dollarga baholanmoqda, deb xabar beradi Motor.

Foto: Classic Cars

1945-yilda AQSh prezidenti etib saylangan Garri Trumen bir necha yildan keyin General Motors’dan Oq uy avtoparki uchun o‘nta avtomobil yasab berishni so‘ragan. Biroq 33-davlat rahbarining radikal siyosati sabab Amerika avtomobilsozlik kompaniyasi mashina yig‘ishdan bosh tortadi. Shu munosabat bilan Oq uy rahbariyati 10 ta Lincoln Cosmopolitan limuzinlarini ijaraga oladi, ularning har biri Amerika prezidentining xavfsizlik talablariga javob bergan.

Foto: Classic Cars

Auksionga qo‘yilgan Lincoln’dan shaxsan Garri Trumenning o‘zi Nyu-Yorkka tashrifi vaqtida foydalangan. Limuzin kattalashtirilgan 368 santimetrli g‘ildiraklar bazasiga ega. Shu sababli uning saloniga 7 kishi bemalol sig‘a oladi. Shuningdek, avtomobilning o‘ziga xos xavfsizlik talablariga ko‘ra, u qo‘shimcha zirh bilan qoplangan. Bu esa mashina og‘irligini 2,7 tonnaga yetishiga olib kelgan.

Foto: Classic Cars

Foto: Classic Cars

Sotuvchining so‘zlariga ko‘ra, limuzin ajoyib holatda saqlangan. 1990-yilda limuzin to‘liq restavratsiyadan o‘tgan va 2001-yilga qadar Florida muzeyi ko‘rgazmalarida ishtirok etgan. Lincoln Cosmopolitan kapoti ostidan 152 ot kuchiga ega 5,5 litrli V8 motori o‘rin olgan. Agregat uch pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi. Retro avtomobilning maksimal tezligi soatiga 150 kilometrga yetadi.

Avvalroq AQShda Iordaniya qirolining zirhli limuzini katta chegirma bilan sotuvga qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.