Iordaniyaning AQShdagi elchixonasiga tegishli bo‘lgan va qirol Abdulla II foydalangan zirhli Ford Excursion limuzini katta chegirma bilan sotuvga qo‘yildi. 2005-yilda ishlab chiqarilgan va hozirga qadar 6473 kilometr yo‘l bosgan hashamatli yo‘ltanlamas 84 ming dollarga baholanmoqda. Bundan 15 yil oldin u mamlakat g‘aznasidagi pullarning 620 ming dollariga sotib olingan edi, deb xabar beradi Motor.

Foto: Prestige Auto Credit

Ford Excursion — eng ulkan seriyali yengil mashina hisoblanadi, biroq Iordaniya qiroli yo‘ltanlamasni yanada uzaytirgan. Avtomobil pol qismidan shiftga qadar zirhlangani ma’lum, yon oynalarining qalinligi esa 80 millimetrga yetadi. Himoya kapsulasini yaratish bilan Becker Automotive Design atelyesi shug‘ullangan.

Foto: Prestige Auto Credit

Limuzin saloni yorqin sarg‘ish rangli charm va yog‘och bilan qoplangan; interyeri ajoyib holda saqlangan, biroq aloqa va DVD-multimediya tizimi eskirgan. Multikonturli o‘rindiqlar va modadan qolgan stollar mashinaning eskiligini yodga solib turadi.

Yo‘ltanlamas kapoti ostidan 310 ot kuchiga ega 6,8 litrli V10 benzin dvigateli o‘rin olgan bo‘lib, u 4 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi. Mashina 6,5 ming kilometr yo‘l bosgan, shu sababli zirhli avtomobil ishlab chiqarilganiga ancha bo‘lganiga qaramay, ajoyib holatda saqlangan.

Foto: Prestige Auto Credit

Limuzin 84 ming dollar evaziga sotuvga qo‘yilgan. AQShda yaxshi qaralgan, biroq ko‘p yo‘l bosgan Excursion yo‘ltanlamaslarini (zirhli bo‘lmagan) 40 ming dollarga xarid qilish mumkin.

Foto: Prestige Auto Credit

Avvalroq Toyota Land Cruiser 200 o‘q o‘tmaydigan limuzinga, yangilangan Infiniti QX80 esa hashamatli zirhli mashinaga aylantirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.