Xorazm viloyat 1-son klinik shifoxonasi shifokori Baxtiyor Qilichev 66 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Xabar.uz” ma’lum qildi.

Foto: “Xabar.uz”

Toshkent Tibbiyot institutining davolash fakultetini tugatgan Baxtiyor Qilichev ish faoliyatini Xiva tuman shifoxonasida boshlagan. Keyinchalik viloyat IIB tibbiy xizmat vrachlik ambulatoriyasi boshlig‘i, Xorazm viloyat 1-son klinik shifoxonasida ishlagan.

Xabarda aytilishicha, shifokor Baxtiyor Qilichev koronavirus infeksiyasi asoratlaridan vafot etgan. Ushbu o‘lim holati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hozircha axborot bergani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda xususiy klinika bosh shifokori To‘raqul Xoliqov 65 yoshida, Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori To‘lqin Ashurov 51 yoshida, Qashqadaryo sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, boshqarma huzuridagi COVID-19’ga qarshi kurashni muvofiqlashtiruvchi shtab rahbari Sherali Nurmatov 61 yoshida, Samarqand shahridagi 1-sonli tug‘ruqxona bosh vrachi Gulnora Jo‘rayeva 56 yoshida, Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Alisher Uralov 52 yoshida, Toshkentning Olmazor tumanidagi 18-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Feruza To‘xtayeva 60 yoshida, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova 62 yoshda koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar berilgan edi.