“Navbahor” katta murabbiyi No‘mon Hasanov Coca-Cola Superliga 15-turi doirasida “Lokomotiv”ga qarshi kechgan o‘yindan (0:1) so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: PFL

Qiziqarli o‘yin bo‘ldi. “Lokomotiv” ikkinchi bo‘limda gol urib, bizni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Birinchi bo‘limning dastlabki 15 daqiqasida yigitlar o‘ziga kela olmadi. Bo‘lim oxirlarida harakatlari qovushdi. Bunday o‘yinlarda bitta gol barchasini hal qiladi. Xatolar ustida ishlaymiz. Futbolchilar atayinmi yoki boshqa sababmi bir-biriga qattiq pas bermoqda. Ko‘p futbolchilarning o‘yinini tushunmadim.

Jamoaga kelganimga ko‘p bo‘lmadi. Klubdagi futbolchilar, rahbarlar kasallandi, koronavirus bilan kurashdi. O‘sha payt futbolchilarda kuch yo‘q edi. “Lokomotiv” bilan o‘yinga tayyorgarlik yaxshi o‘tdi. Bitta o‘yinda yutib olsak hammasi ijobiy tomonga o‘zgarib ketadi.

Futbolchilarni urishib ketishi va boshqa holatlar haqida bundan oldingi matbuot anjumanlarida gapirgan edim. Yana takrorlasam noto‘g‘ri bo‘ladi. Hozir ham yigitlarni oldiga kirib buni aytdim. Futbolchilarni munosabati bir-biriga yaxshi bo‘lishi kerak. Bunday jamoani ko‘rmaganman. Bitta oila sifatida birlashish kerak. Har doim tushuntirmoqdaman. Bu holatga o‘zim ham tushunmayapman. Jamoa ahil oila bo‘lsagina g‘alabalar keladi. Mashg‘ulotlarda ham ishlayapmiz. Vaziyatni to‘g‘irlashga harakat qilamiz.

Hujumchilardagi realizatsiya? Qo‘qon jamoasini boshqaruvini qo‘limga olganimda ham shu muammo bor edi. Pas o‘ynashni bilmasdi. Lekin, ma’lum vaqt o‘tgach uzatma bilan o‘ynashni o‘zlashtirishdi. Yuqorida aytganimdek, jamoaga yaqinda keldim, to‘g‘ri o‘ynash, qanotdan to‘g‘ri to‘pni oshirish emas, ochiq turgan futbolchi bilan o‘ynash kabilarni yo‘lga qo‘yamiz. Hujumchilar kam, to‘g‘risi, bizning paytda pas beradigan, gol uradigan hujumchilar ko‘p bo‘lardi. Anchadan beri hujumchilar kamligi ko‘rinib turibdi.

Igor Golban va Davron Hoshimovning harakatlari uchun o‘yindan keyin urishdim. Bu noto‘g‘ri narsa. Urishib ketish, hurmatsizlik futbolchiga yarashmaydi. Hozir sizlar ko‘ryapsizlar, muxlislar ko‘rsa nima bo‘ladi? Bitta jamoada o‘ynab bunday ishlarni qilish kerak emas. Hamma xato qiladi.

Kanchelskisning holati haqida, isitmasi bor. Kecha gaplashdim, futbolchilarni yig‘ib yo‘qlab kelishga jo‘natdim. Ular ko‘rib keldi. Baribir u bosh murabbiy, biz uning yordamchilarimiz. Kanchelskis yaxshi inson. Sog‘lik tilayman. Biz bilan birga bo‘lmasa-da har kuni aloqada bo‘lib turibmiz. Futbolchilik paytimizda o‘yinlarini ko‘p ko‘rganmiz.

No‘mon Hasanov, “Navbahor” katta murabbiyi

“Navbahor” 15-turdan keyin 20 ochko bilan 7-o‘rinda bormoqda. Jamoa keyingi turda “Andijon”ga qarshi bahs yuritadi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!