Buyuk Britaniya hukumati rahbari Boris Jonson koronavirusni boshidan o‘tkazganidan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashgani bois yaqin olti oy ichida iste’foga chiqishi borasidagi xabarlarni mish-mish deb atadi, deb yozadi DevonLive.

Foto: Getty Images

“Bu mutlaqo safsata! Ortiqcha vazndan xalos bo‘lganim sabab o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman. Kamrog‘-u, lekin 9 kilogrammga ozdim”, — deydi Jonson.

Avvalroq The Times gazetasi va Business Insider nashri Jonson koronavirusdan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashgani bois olti oydan so‘ng iste’foga chiqishi mumkinligi haqida yozgandi.

Eslatib o‘tamiz, Boris Jonson koronavirus bilan kasallangani haqida 27-mart kuni ma’lum bo‘lgandi. 5-aprel kuni u ehtiyot chorasi sifatida avliyo Foma shifoxonasiga yotqizilgandi. Biroq keyinroq siyosatchining sog‘lig‘i keskin yomonlashib, jonlantirish bo‘limiga olingandi. 9-aprel kuni esa bosh vazir intensiv terapiyadan oddiy palataga o‘tkazilgan. 12-aprel kuni esa kasalxonadan chiqib, uyda davolanishni davom ettirgandi. 27-apreldan esa yana ishiga qaytgan.