O‘zbekistonda Xitoyning Szyansi an’anaviy tabobat universitetining filiali tashkil etiladi. Bu haqda Xitoyning Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd. farmatsevtika kompaniyasi delegatsiyasi va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kelishib olindi, deb xabar bermoqda vazirlik.
Ma’lum qilinishicha, 24-avgust, dushanba kuni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Xitoyning Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd. farmatsevtika kompaniyasi prezidenti Syuejun Lin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Farmatsevtika kompaniyasi hamda Szyansi an’anaviy xitoy tabobati universitetining 10 nafar shifokor va mutaxassisisidan iborat delegatsiyaning maqsadi O‘zbekiston tibbiyot xodimlari bilan COVID-19 pandemiyasiga oid ma’lumotlarni almashish, hamkorlikda kasallik keng tarqalishining oldini olish, uni nazorat qilish va davolash ishlariga ko‘maklashishdir.
Vazirlik tomonidan qayd etilishicha, 2019-yil aprel oyida Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi davomida sog‘liqni saqlash tizimida, xususan, O‘zbekistonda an’anaviy xitoy tabobatini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga ham erishilgandi.
Ta’kidlanishicha, COVID-19’ga qarshi kurashda O‘zbekiston Xitoyning to‘plagan katta tajribasini qo‘llashi va mamlakatlar sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali pandemiyani yengishiga ishonch bildirildi. O‘z o‘rnida Xitoy hukumati tomonidan mutaxassislar ko‘magi bilan birgalikda O‘zbekistonga bir necha bor insonparvarlik yordami yetkazib berilgani aytilib, chuqur minnatdorlik bildirildi.
Muloqot davomida mehmonlar an’anaviy xitoy tabobatining bugungi kunda koronavirusga qarshi kurashdagi ahamiyati xususida batafsil gapirib berdi, ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan keng hamkorlik o‘rnatish masalasi muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zbekistonda Szyansi an’anaviy xitoy tabobati universitetining filialini tashkil qilishga kelishib olindi. Bu yerda tayyorlanadigan mutaxassislar xalq tabobati ilmini zamonaviy tibbiyot yutuqlari bilan uyg‘unlashtirgan holda amaliyotda qo‘llashi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil aprel oyida “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingandi. Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda xalq tabobati bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlovchi pullik markazlar tashkil etiladi.
Izoh (0)