Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning nevarasi Oysulton Nazarboyev 16-avgustga o‘tar kechasi Londonda 29 yoshida vafot etgan. Bu haqda Zakon.kz xabar bermoqda.
O‘lim sababi aniqlashtirilmoqda. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, uning yuragi to‘xtashi oqibatida o‘lim yuz bergan.
Oysulton Nazarboyev Darig‘a Nazarboyeva va Rahat Aliyevning o‘g‘li edi. U 1990-yil 26-avgustda tug‘ilgan. Uning otasi Rahat Aliyev 2015-yilda Venadagi qamoqxonada o‘lik holda topilgandi.
Oysulton Britaniyaning Qirollik harbiy akademiyasini va Qozog‘istondagi KIMEP universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. U Qozog‘iston Mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasida xizmat qilgan. Futbol bilan shug‘ullangan hamda Qozog‘iston va xorijning bir necha klubida, jumladan, “Portsmut”ning yoshlar jamoasida o‘ynagan. Qozog‘iston futbol federatsiyasida vitse-prezident lavozimida ishlagan.
2019-yilda Oysulton Londonda o‘z joniga qasd qilishga uringanida uni to‘xtatib qolgan politsiya xodimini tishlab olgandi. Bu harakati uchun sud unga 1,5 yil muddatga shartli jazo bergandi.
Oysulton Nazarboyev 2020-yil fevralida ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Buyuk Britaniyadan siyosiy boshpana berishni so‘ragan hamda Rossiya va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasidagi yirik ko‘lamli korrupsiya va xalqdan o‘g‘irlangan milliardlab dollarlar haqidagi ma’lumotga ega ekani haqida yozgandi.
Izoh (0)