Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Sanjar Sodiqov 2020-yil 6-avgust kuni 80 yoshida olamdan o‘tdi, deb yozmoqda “Xabar.uz”.

Foto: “Aniq.uz”

Sanjar Sodiqov 1940-yil 21-iyul kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Poytaxtdagi ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatini tamomlagach, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetida tahsil olgan.

1965-yildan to umrining so‘ngiga qadar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Jahon tillari universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetlarida yoshlarga ta’lim bergan.

Olimning “Olamni yashnatuvchilar” (1977), “Abdulla Qahhor ijodi va adabiy tanqid” (1996), “So‘z san’ati jozibasi” (1996), “Ijodning o‘ttiz lahzasi” (2005), “Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi” oliy o‘quv yurtlarining sirtqi bo‘limlari uchun darslik (2006), “Mo‘jizalar mo‘jizasi” (Ozod Sharafiddinov portretiga chizgilar) (2006), “Roman va tanqid” (2008), “Radiojurnalistika asoslari” jurnalistika fakultetlari uchun o‘quv qo‘llanma (2010), “Haqiqat va adolat quyoshi” (2011), “Mamlakatshunoslik asoslari” jurnalistika fakultetlari va bo‘limlari uchun o‘quv qo‘llanma (2012), “Yangicha talqin mevalari” (2013), “Mahorat cho‘qqilari” (O‘tkir Hoshimov ijodi haqida) (2013), “Jadid adabiyotining qaldirg‘ochlari” (Behbudiy, Avloniy va Hamza portretiga chizgilar) darslikka ilova (2013), “Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi” oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlari uchun darslik qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashri (2019) kabi ilmiy adabiyotlari va o‘quv qo‘llanmalaridan OTMlarda darslik sifatida foydalaniladi.

Sanjar Sodiqov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi unvoni bilan taqdirlangandi. Adabiyotshunos olim hayotining oxirgi ikki yilida tarjima sohasiga ham qo‘l urib, jahon adabiyotida o‘ziga xos hodisa hisoblangan yozuvchi Boris Pasternakning “Doktor Jivago” (2018), Ivan Buninning “Arsenev hayoti” (2020) nomli romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, kitobxonlar e’tiboriga havola qilgan.

Avvalroq 2020-yil 3-avgust kuni taniqli ssenariynavis Mahmud To‘ychiyev 69 yoshida vafot etgani, 4-avgustda o‘zga sayyoraliklar bilan uchrashgani sabab internet yulduziga aylangan Jumanazar Rahmonov 73 yoshida yurak xuruji tufayli dunyodan ko‘z yumgani, 8-avgustda esa taniqli kompozitor va dirijyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev 66 yoshda vafot etgani haqida xabarlar berilgan.