“Roskosmos” Rossiya sun’iy yo‘ldoshi tomonidan kuchli portlash yuz bergan Bayrutdagi bandargohning fazodan olgan suratlarini e’lon qildi.

Foto: “Roskosmos”

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra kuchli portlash oqibatida 110 nafar kishi halok bo‘lgan, 4 mingdan ziyod odam turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirayotgani inobatga olinsa ushbu raqamlar yana o‘zgarishi mumkin.

Bayrut gubernatori Marvan Abbud portlashning shaharning yarmiga talafot yetkazganini bildirgan, 300 nafardan ziyod aholi boshpanasiz qolgan. Uning so‘zlariga ko‘ra portlash tufayli shaharga yetgan zarar miqdori 3-5 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin.

Livan hukumati portlashga 2014-yilda rossiyalik tadbirkor Igor Greshechkinga tegishli Rhosus (“Rosus”) kemasidan topilgan va musodara qilingan 2750 tonna ammiak selitrasining detonatsiyasi sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Taxminlarga ko‘ra portlash ammiak selitrasi saqlangan ombor hududida chilangarlik-pavandlash ishlari vaqtidagi ehtiyotsizlik oqibatida sodir bo‘lgan. Musodara qilingan yuk utilizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan, ammo olti yil davomida bu ish amalga oshirilmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Bayrut bandargohidagi portlash sabab Livan prezidentiga hamdardlik bildirgan. Bayrutda vafot etganlar xotirasi uchun butun Livanda motam e’lon qilingan. Shahar gubernatori Marvon Abbud yuz bergan voqeani Ikkinchi Jahon urushi vaqtida Xirosima va Nagasakida yuz bergan atom bombasi portlashlariga tenglashtirgan.

Avval Livan hukumati Bayrutdagi portda ammiak selitrasini saqlashga aloqador xodimlarning ayrimlari tergov davomida uy qamog‘iga joylashtirilganini ma’lum qilgandi.