Prezident Shavkat Mirziyoyev Livan poytaxti Bayrut bandargohida yuz bergan kuchli portlash oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan mamlakat prezidenti Mishel Aunga hamdardlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Davlatimiz rahbari Livan xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildirdi”, — deyiladi xabarda.

Livan poytaxti Bayrut shahrining portida 4-avgust kuni ikkita kuchli portlash sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida 100 kishi halok bo‘lgan, 4 mingdan ortiq odam jarohat olgan. Shahardagi binolarga ham katta zarar yetgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash ombordagi musodara qilingan portlovchi modda sabab yuzaga kelgan.