Buyuk Britaniya hukumati koronavirus infeksiyasining tarqalishi tufayli birlashgan qirollikda joriy qilingan cheklov choralarini yumshatish bo‘yicha choralar ko‘rmoqchi emas. Reuters agentligining qayd etishicha, ushbu qaror so‘nggi kunlarda COVID-19 bilan kasallanish holatlari sonining ko‘paygani bilan bog‘liq.

Foto: Head Topics

“Xavotirli ogohlantirish signallari yangramoqda. Biz hozir bu borada shoshilmaslik va virusning tarqalishi nazoratga olingunicha kutishga qaror qildik”, — degan Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson.

Avval avgust oyida qirollikda muz saroylari va kazinolar ochilishi, shuningdek, ayrim tadbirlar, jumladan, yopiq inshootlarda to‘y marosimlarini o‘tkazishga ruxsat berish rejalashtirilayotgani aytilgandi.

Jons Hopkins universiteti taqdim etgan statistika bo‘yicha Buyuk Britaniyada 31-iyul holatiga ko‘ra COVID-19 pandemiyasi davrida 300 ming nafardan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan, 46 ming nafar odam kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.

Buyuk Britaniyada mart oxiridan may o‘rtalariga qadar qat’iy karantin tartibi amalda bo‘lgan, jumladan, restoranlar, barlar, do‘konlar ishlamagan, xodimlar masofadan ishlash tartibiga o‘tkazilgan, ko‘chada ikki kishidan ko‘p odamning to‘planishi taqiqlangandi, bir oilada yashovchilar bundan mustasno, deb belgilangandi.

30-iyul kuni Buyuk Britaniyaning 1-avgustdan boshlab Rossiya bilan aviaqatnovlarni tiklayotgan uch mamlakatdan biri ekani haqida xabar berilgandi. Rossiyadan qirollikka kelganlar 14 kun davomida qat’iy karantin rejimida bo‘lishiga to‘g‘ri keladi.