8-iyundan boshlab Buyuk Britaniyaga xorijdan kelgan barcha ikki haftalik karantin rejimiga rioya qilishi talab etiladi. Bu haqda Britaniya ichki ishlar vaziri Priti Patelga tayanib, The Guardian xabar qilgan.

Foto: Daily Mirror

Qirollik hududiga keluvchilar hukumat ularning karantin qoidalariga amal qilayotganini bilish imkoniga ega bo‘lishi uchun qayerda turganini xabar qilishi zarur. Tekshiruvlar ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi.

Qoidabuzarlar ming funt sterling miqdorida jarimaga tortiladi.

13-maydan Buyuk Britaniyada koronavirus epidemiyasi sabab belgilangan cheklovlar asta-sekinlik bilan bosqichma-bosqich yumshatila boshlangan. Iyulda qirollikda kafe, restoran va pablar, go‘zallik salonlari, mehmonxonalar, cherkovlar va kinoteatrlar ochilishi taxmin qilinmoqda.

Jons Hopkins universiteti bergan ma’lumotlar bo‘yicha 22-may holatiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada 255,5 ming kishida COVID-19 infeksiyasi borligi aniqlangan. Epidemiya boshlaganidan beri 36,4 ming nafar bemor kasallik oqibatida vafot etgan.