Xorazm viloyatining Hazorasp tuman hokimligi qurilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi 8 ming dollar pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi xabar berdi.

Hokimlik qurilish bo‘limi mutaxassisining qilmishi Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi Hazorasp tuman bo‘limi hamda tuman DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etilgan.

Qayd etilishicha, xodim Hazorasp tumanida yashovchi fuqaroga Tuproqqal’a tumanining “Obod” mahallasida joylashgan tuman hokimligi zaxirasidagi bo‘sh yer maydonidan 1200 kv/metr yer maydonini ajratish evaziga 8 ming dollar pora talab qilgan. Fuqaro esa bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Arizaga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman hokimligi mutaxassisi fuqarodan yer maydonini ajratish evaziga o‘zi talab qilgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chilonzor hokimligi bo‘lim boshlig‘i 50 ming dollar pora bilan ushlangandi. Keyinchalik ishga Toshkent shahar hokimligi xodimi ham aloqadorligi ma’lum bo‘lgandi.