Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimligi bo‘lim boshlig‘i tadbirkorga yerga egalik huquqini rasmiylashtirib berish uchun 50 ming dollar pora olayotganida ushlangani haqida xabar berilgandi. “Xabar.uz”ning Bosh prokuraturaga asoslanib yozishicha, mazkur ish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi xodimi ham qo‘lga olingan.

Foto: “Daryo”

Bosh prokuratura tomonidan ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 22-iyun kuni huquqni muhofaza qiluvchi organga Chilonzor tumanidagi bir gektar futbol maydonining sotixini 14 ming dollardan baholanib, jami 1,4 million dollarga sotish rejalashtirilayotgani haqida tezkor ma’lumot kelib tushgan. Ma’lumotga ko‘ra, mazkur “savdo” boshida Toshkent shahar hokimligi Kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 1968-yilda tug‘ilgan B.A. va Chilonzor tuman hokimligi Investitsiya va turizmni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, 1985-yilda tug‘ilgan X.Sh. turgani aytilgan.

Dastlabki surishtiruvda mazkur ikki mas’ul shaxs shu joyga qiziqqan tadbirkordan dastlab 50 ming dollarni “zakalat” tariqasida, qolganini bir hafta ichida, ya’ni hujjatlar tayyor bo‘lganidan so‘ng berishni talab qilayotgani aniqlangan.

Holat bo‘yicha 24-iyun kuni DXXning Toshkent shahar boshqarmasi va poytaxt prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda B.A. 50 ming dollarni olgan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Qo‘lga olingan mas’ul pullarni Chilonzor tuman hokimligi bo‘lim boshlig‘i X.Sh.ga olib borib berishi lozimligini aytganidan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilgan. 25-iyun kuni X.Sh. B.A.dan 50 ming dollarni pora tariqasida olgan vaqtda u ham qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, ayni paytda holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 20-moddasi (Pora olish) va 212-moddasi (Pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondorlarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.