Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining daromad va xarajatlari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 17-iyul kuniga qadar  jamg‘arma hisobiga jami 7,44 trillion so‘m kelib tushgan. Ulardan 7,32 trillion so‘mi xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari, 123,5 milliard so‘m esa davlat budjeti hisobidandir. Jamg‘armadan 6,4 trillion so‘m sarflangan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Ijtimoiy soha

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan eng ko‘p mablag‘ mamlakat ijtimoiy sohasiga — jami 2,2 trillion so‘m (+1,3 trln so‘m) yo‘naltirilgan. Bunda, mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:

  • 512 milliard so‘m shaharlar va ko‘cha yo‘llarini ta’mirlash ishlariga;
  • 311 milliard so‘m ijtimoiy nafaqalarga;
  • 298 milliard so‘m umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiyalash, jihozlash ishlariga;
  • 200 milliard so‘m band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun Jamoat ishlari jamg‘armasiga;
  • 181 milliard so‘m Toshkent shahar mahalliy budjetiga ssuda sifatida;
  • 138 milliard so‘m maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash ishlariga
  • 117 milliard so‘m budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga subsidiya;
  • 100 milliard so‘m Prezident maktablarini qurish va jihozlash ishlariga;
  • 80 milliard so‘m kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Kasaba uyushmalari federatsiyasiga;
  • 78 milliard so‘m mahalliy budjetlarga soliq imtiyozlari berilishi natijasida daromadlar yetishmovchiligini qoplash uchun;
  • 54 milliard so‘m “O‘ztemiryo‘lovchi” AJning fuqarolarni manzillariga yetkazib qo‘yish xarajatlari;
  • 50 milliard so‘m ishsiz, kam ta’minlangan oilalarga shaxsiy tomorqalarini rivojlantirishga;
  • 24 milliard so‘m “Toshkent metropoliteni” va “Toshshahartransxizmat” xodimlariga ish haqi to‘lash uchun;
  • 20 milliard so‘m “Agrobank” ATBga aholi bandligini ta’minlash uchun kredit liniyalari;
  • 20 milliard so‘m karantindagi fuqarolarni doimiy yashash manzillariga olib borib qo‘yish hamda xorijiy davlatlardan qaytib kelgan fuqarolarni karantin hududlariga tashish xarajatlari;
  • 9 milliard so‘m “O‘zavtotransservis” va “Toshshahartransxizmat” transport xarajatlarini qoplashga.
Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash

Mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 2 trillion so‘m (+320 milliard so‘m) sarflangan. Shundan 500 milliard so‘m “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalariga, 401 milliard so‘m esa “O‘zbekneftgaz” AJga subsidiya sifatida, 250 milliard so‘m “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga ssuda sifatida berilgan.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 300 milliard so‘m mablag‘ tuman budjetlariga yer maydonlaridan foydalanish uchun ajratilgan.

Shu bilan birga, aviatsiya sohasiga jami 507 milliard so‘m sarflangan (406 milliard so‘m Uzbekistan Airways va 101 milliard Uzbekistan Airports’ga ssuda sifatida berilgan). O‘z o‘rnida, turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 20 milliard so‘m ajratilgan.

Qolgan 40 milliard so‘m esa “Birinchi Rezinotexnika zavodi” MChJning xarajatlarini qoplash uchun safarflangan.

E’tiborli jihati, “Gazeta.uz”ning ma’lum qilishicha, “Birinchi rezinotexnika zavodi” (BRZ) 2014-yilda “O‘zkimyosanoat” buyurtmasiga binoan Xitoyning Poly Technologies kompaniyasi tomonidan 183,96 million dollar evaziga qurilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hisobiga 907 milliard so‘m (+262 milliard so‘m) o‘tkazilgan. Ushbu summadan 375 milliard so‘m test tizimlari, reaktivlar va himoya vositalarini sotib olish uchun sarflangan.

202 milliard so‘m fuqarolarni karantinda saqlash bilan bog‘liq xarajatlarga va 76 milliard so‘m ularning ovqatlantirishga; 25 milliard so‘m jamoat joylarini dezinfeksiya qilish ishlariga, 9 milliard so‘m epidemiologik holat bilan kurashish bo‘yicha tadbirlarga sarflangan.

Bundan tashqari, karantin tadbirlari va koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlarga qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun to‘lovlarga 301 milliard so‘m sarflangan. 11 milliard so‘m maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish uchun yaratilgan.

Shifoxonalarni qurish va jihozlash

Jami 684 milliard so‘m (+140 milliard so‘m) shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun sarflangan. Ushbu mablag‘ning 354 milliard so‘mi 10 ming o‘rinli maxsus shifoxonalar qurish uchun, 251 milliard so‘m 20 ming o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasini qurish uchun, 69 milliard so‘m Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand hamda Surxondaryo viloyatlarida tashkil etiladigan maxsus shifoxonalar va vaqtinchalik karantinda saqlash majmualariga, shuningdek, 10 milliard so‘m diagnostika laboratoriyasi majmuasi rekonstruksiyasiga sarflangan.

Suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlari

Xarajatlar qatorida 602 milliard so‘m (+29 milliard so‘m) suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlariga yo‘naltirilgan.

Bunda, ajratilgan mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:

  • 335 milliard so‘m irrigatsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiyasi uchun;
  • 153 milliard so‘m Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ichimlik suvi ta’minoti va oqava suv chiqarish tizimlarini qurishga;
  • 61 milliard so‘m “Hududiy suv ta’minoti” MChJga ssuda tariqasida ajratilgan mablag‘lar;
  • 53 milliard so‘m Davlat ekologiya qo‘mitasiga ssuda sifatida.
Eslatib o‘tamiz, Inqirozga qarshi jamg‘armasi Prezident koronavirus pandemiyasi va global inqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar doirasida 2020-yilning mart oyida tuzilgan. May oyida jamg‘arma mablag‘larining 3,306 milliard so‘mi ishlatilgan bo‘lib, ularning aksariyati (1,4 trillion so‘m) iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonning turli hududlarida elektr ta’minotida cheklovlar kiritiladi
Dunyo
“Daryo” kundaligida 5-dekabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Madaniyat
“Ikki o‘g‘lim AQShda tahsil oladi, ularning san’at yo‘lidan ketishini istamadim”. Anvar Sanayev farzandlari haqida (video)