Koronavirusga chalingan bemor o‘tkir yurak-qon tomir, nafas va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashagan 55 yoshli U.A. ismli erkak 16-iyul kuni Zangiota tumanidagi “Nazarbek” yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘ta og‘ir ahvolda olib kelingan.
Bemorda COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniyaning o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchiligi asoratlari kuzatilgan.
Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.
17-iyul kuni hamroh kasalliklar fonida kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashgan bemor mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligining 4-darajasi hamda poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.
Bu Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobi bo‘yicha 83-o‘lim holati. “Daryo” hisobi bo‘yicha yana 2 kishi — Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyati filiali xodimi va Madaniyat vazirligi xodimi kasallik qurboni bo‘lgan.
Izoh (0)