Chirchiq daryosi bo‘yida “Daryo bo‘yi Biznes siti” loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi. 13-iyul kuni Toshkent shahar hokimligi loyiha mualliflari bilan intervyu videosini e’lon qildi.

Foto: Videodan skrinshot

Qayd etilishicha, Chirchiq daryosining suv sathi yildan yilga kamayib ketmoqda. Daryo esa aholi va sanoat korxonalari tomonidan ifloslantirilmoqda.

Business City direksiyasi investorlar bilan ishlash menejeri Iroda O‘rinovaning ta’kidlashicha, daryo yon atrofi karyer qilib olingan. Hududdan tabiiy tuproq va shag‘al olib chiqib ketilishi oqibatida ekologiyaga nisbatan katta ziyon yetkaziladi.

Yuqoridagi holatlarni oldini olish maqsadida hududda Toshkent shahar hokimligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi hamkorligida “Daryo bo‘yi Biznes siti” loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, loyiha doirasida daryo o‘zanini toraytirish va bo‘shagan yerlarni obodonlashtirib zavod, fabrika va istirohat bog‘lari qurish rejalashtirilgan. Iroda O‘rinovaning so‘zlariga ko‘ra bu yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradi.

Shuningdek, daryo bo‘ylab tumanlarni bog‘lovchi ko‘priklar ham barpo etilishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, daryo bo‘yini xuddi shahar markazidek obodonlashtirilsa, investorlarning hududga bo‘lgan qiziqishi ortadi. Shu bilan tumanning iqtisodiy salohiyatini ham ko‘tarish imkoni tug‘iladi.

Foto: Videodan skrinshot

Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha doirasida 400 gektar yer bo‘shaydi. Bo‘shagan yerlar investorlar uchun tayyorlanadi.

“Daryo bo‘yi Biznes siti” loyihasi Toshkentning Ohangaron yo‘lidan Yangi hayot tumanigacha, umumiy 16 kilometr masofani egallashi kutilmoqda. Loyihachilar uning dizaynidan to‘liq yakunigacha 5 yil talab qilinishini aytmoqda. 2023-yilgacha daryo bo‘yini toraytirish va obodonlashtirishni yakunlash rejalashtirilgan.

“Daryo bo‘yi Biznes siti” loyihasining direktori o‘rinbosari Umar Ohunovning so‘zlariga ko‘ra, Chirchiq daryosining oqimi torayishi bilan birga, uning atrofida zamonaviy infrastruktura qad ko‘taradi. Shu jumladan, turar joy binolari, savdo komplekslari, ko‘ngilochar markazlar, maktablar, bolalar bog‘chalari quriladi. Bular turistlar uchun ham, Bektemir va Sergeli tumanlarini jozibadorligini oshiradi.

Bu borada jahon, xususan, Turkiya tajribasi o‘rganilmoqda. Turkiya kompaniyalarining mutaxassislari bu masala ustida ish olib borib loyiha mualliflariga konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi. Mazkur daryo bo‘yi hududlari xususiy yuridik va jismoniy shaxslar tasarrufiga berilmagani sababli fuqarolar mulki buzilishiga oid keskin masalalar ko‘tarilmaydi.