So‘nggi bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda hududlardagi SESlarda test topshirish va uning natijasini bilishda turli muammolar yuzaga kelayotgani keng muhokama qilinmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusufaliyev 12-iyul kuni “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida tarmoq foydalanuvchilarining tanqidlariga o‘z munosabatini bildirdi.

Foto: “O‘zbekiston 24”

“Haqiqatan, bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimiga ‘nagruzka’ juda yuqori bo‘lmoqda. Sababi kuniga 450-470 nafar bemor aniqlanmoqda.

Ikkinchidan, chet eldan fuqarolarimiz kelishda davom etmoqda, ularni qabul qilishimiz kerak. Davlat rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratgan. Charter reyslar orqali xorijdan kelganlar karantin zonalariga joylashtirilgach, ularda, albatta, testlarni o‘tkazamiz. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlardan ham bir necha marta test olamiz. Hozirda maxsus shifoxonalarda besh mingga yaqin bemor davolanmoqda.

Respublika bo‘yicha kuniga 20, 22, 25 minggacha testlar o‘tkazyapmiz. Avvallari kuniga 8-10 mingta test o‘tkazgan bo‘lsak, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 2-3 barobarga oshdi. Bu ham sog‘liqni saqlash tizimiga katta “nagruzka” bo‘lyapti. Ushbu natijaga erishish uchun qo‘shimcha 45 ta PZR laboratoriyalari sotib olindi va joylarga yetkazildi.

Hozir O‘zbekistonda testlar yetarli emasligi haqida har xil gaplar yuribdi. Testlar bor. Zaxiramizda 1 millionta test mavjud va bu jarayon davom etadi. Zaxira tez-tez yangilanib boriladi. Sog‘liqni saqlash tizimi, agentlik bu borada ishlarni tashkil qilyapti.

To‘g‘ri, ayrim muammolar bo‘lishi mumkin. Kamchiliklar yo‘q emas. Misol uchun, Toshkent shahrining o‘zida 5 ta joyda test sinovlarini olish masalasi qo‘yilgan edi. Lekin bugungi kunda kasallanish holatlari o‘sishini inobatga olib biz hozir har bitta tumanning o‘zida testlarni olish masalasini qo‘yganmiz va bu ishlar amalga oshirilyapti”, — dedi Bahodir Yusufaliyev.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, ayni paytda shifoxonalarda barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lib, dorixonalarda ham dorilar yetarlicha.

“Bugungi kunda shifoxonalarimizda o‘rin zahiralari mavjud. Sun’iy nafas oldirish apparatlari, EKG kabi tibbiy buyumlar yetarli miqdorda xarid qilingan. Mazkur buyumlar Zangiota tumani va Toshkent shahrida qurilgan yangi shifoxonalarga joylashtirilgan. Hozirda respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa shifoxonalarda ham bemorlar uchun yetarli sharoitlar yaratib berilyapti. Bundan tashqari, ‘Dori-darmon’ aksionerlik kompaniyasi va boshqa kompaniyalar orqali dori-darmon zaxirasi ham yaratib borilyapti. Dorixonalarda mavjud dorilar bor. Aholi ularni ko‘p miqdorda olishi shart emas. Kerakli paytda xarid qilishsa bo‘ladi”, — dedi Yusufaliyev.