Sport arbitraj sudi (CAS) “Manchester Siti”ning Yevrokuboklarda ishtirok etishi to‘g‘risida ijobiy qaror chiqardi.

Foto: Twitter

Arbitraj sudi Angliya klubi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirildi va klubning kelasi mavsumda Chempionlar Ligasida o‘ynashi mumkinligini bildirdi. Qayd etish joiz, “shaharliklar” allaqachon Yevrokuboklarda ishtirok etishni kafolatlab qo‘ygan. Jamoa Angliya Premyer Ligasida 72 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil fevralida UEFA moliyaviy feyr-pley qoidalarini buzgani uchun “Manchester Siti”ni Yevrokuboklardan ikki yilga chetlatib, 30 million yevro miqdorida jarimaga ham tortgandi.

Sport arbitraj sudi jarimani o‘z kuchida qoldirdi, biroq uni 30 milliondan 10 million yevroga qisqartirdi.

Ma’lumot uchun, Pep Gvardiola shogirdlari Chempionlar Ligasining 2019/20-yilgi mavsum 1/8 finalida Madridning “Real”iga to‘qnash kelgan. Jamoa ilk uchrashuvni safarda o‘tkazib, Madrid klubi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. Javob bellashuvi esa Manchesterda 8-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. O‘yin muxlislarsiz o‘tkaziladi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!