UFC’ning yengil vazn toifasidagi chempioni Habib Nurmagomedovning menejeri Ali Abdulaziz otasining o‘limidan so‘ng jangchining professional faoliyatini tugatishga qaror qilgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi.
“Ba’zi rus ommaviy axborot vositalarida Habib faoliyatini yakunlaganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Bu mutlaqo yolg‘on. Habib otasining vafotidan so‘ng qayg‘uda. Men barchaning bu vaziyatni hurmat qilishini va yolg‘on xabarlarni tarqatmasligini istayman”, — deb yozdi Abdulaziz Twitter’dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Abdulmanap Nurmagomedov 3-iyul kuni hayotining 58-yilida yurak va miya insultidan so‘ng vafot etdi.
Shu yilning sentabr oyida Habib Nurmagomedov Jastin Getjiga qarshi jangga chiqishi rejalashtirilgandi. Biroq UFC prezidenti Deyna Uayt rossiyalik sportchini bezovta qilmasligini va keraklicha vaqt berilishini ta’kidladi.
Izoh (0)