Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida taqiqlangan joyda cho‘milib, suvda oqqan bola Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi tomonidan qutqarildi. Bola bilan birga suvda oqqan 35 yoshli erkakni esa qutqarishning imkoni bo‘lmagan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
2020-yilning 6-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi — podpolkovnik Radmir Chimbergenov Nukus shahri markazidagi Kattagar kanali bo‘ylab kuzatuv nazoratini amalga oshirib yurgan.
Ayni shu vaqtda FVB xodimi yordam so‘rab chaqirayotgan bolaning qichqirig‘ini eshitib, sakkiz yosh atrofidagi bola hamda bir erkakning suvda cho‘kayotganini ko‘rgan. Podpolkovnik Chimbergenov shu zahoti o‘zini suvga tashlab, birinchi navbatda bolani qutqargan.
Bola bilan birga cho‘kayotgan odamni qutqarishning imkoni bo‘lmagan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bir necha kishidan iborat guruh taqiqlangan joyda cho‘milgan. Cho‘kib ketgan 35 yoshli erkakning esa mast holatda bo‘lganligi aniqlangan.
Mavzuga doir:
- O‘zbekistonda so‘nggi ikki oyda 20 nafar voyaga yetmagan bola suvda cho‘kib halok bo‘lgan
- Samarqandda Milliy gvardiya xodimi daryoda cho‘kayotgan ayolni qutqarib qoldi
- Bekobodda FVV xodimi suvga cho‘kayotgan bolakayni qutqarib qoldi
- Nukusda IIB xodimi tug‘ilgan kunida mastlik sababli suvga cho‘kayotgan erkakni qutqardi