Farg‘ona shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va shahardan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan, viloyatdagi tumanlarga chiqish yo‘llarida sakkizta sanitariya posti tashkil etildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shaharga kirish va chiqishda haydovchilar bilan karantin qoidalariga amal qilish yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, viloyat hududidagi bozorlar, savdo majmualari va supermarketlarga kirishda dezinfeksion tunnel va dezinfeksiya guruhlari tashkil etilib, ular karantin qoidalariga rioya etilishini nazorat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 6-iyul kuni Farg‘ona viloyatida uch nafar fuqaroda koronavirus qayd etilgani haqida xabar berilgan edi. Viloyat 14-may kuni koronavirusdan xoli hududga aylangandi. Bungacha Farg‘ona viloyatida kasallikka chalingan 158 kishining 157 nafari sog‘ayib, 1 nafari vafot etgandi. O‘zbekistondagi tuman va shaharlarning 4-iyul holatiga ko‘ra, epidemiologik toifalar ro‘yxatida Farg‘ona “yashil” hudud deb topilgandi.